Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi “Kaspi bank”da odamlar garovga olinishi fakti bo‘yicha sudgacha tergov boshlandi. Bu haqda shahar prokuraturasi ma’lum qildi, deb xabar berdi “Kazinform” agentligi.
Kecha “Kaspi bank” hissadorlik jamiyatining poytaxt filialida soat taxminan 14.00 da 1993 yil Jambil viloyatida tug‘ilgan, 2013 yildan beri giyohvandlar ro‘yxatida turuvchi A.Murodov tomonidan odamlar garovga olingan.
– Voqea joyiga Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari va boshqa tegishli idoralar vakillari yetib keldi, – deyiladi xabarda. – Yaqin atrofdagi aholi zudlik bilan xavfsiz joyga ko‘chirildi. Maxsus amaliyot natijasida garovga olingan yetti nafar fuqaro qutqarildi, huquqbuzar zararsizlantirildi.
Operatsiya chog‘ida hech kimga ziyon yetmagan.
Bank matbuot xizmati xabar berishicha, 18 iyun kuni filialda faqat bank xodimlari bor edi, binoda mijozlar bo‘lmagan. Tergov davom etayotgani uchun boshqa ma’lumotlar berilmagan.