Ayni payt Xitoy bilan AQSH o‘rtasidagi munosabat o‘zaro diplomatik aloqa o‘rnatilgandan beri eng quyi darajaga tushgan. XXR tashqi ishlar vaziri Sin Gan Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda aynan shunday dedi.
“Sinxua” agentligi uning so‘zlarini quyidagicha keltiradi:
– Hozir Xitoy va AQSH aloqalari mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgandan keyin eng past darajaga tushib ketdi. Bu ikki xalq mafaatiga to‘g‘ri kelmaydi.
Gan aniqlik kiritganidek, Pekin va Vashington o‘rtasidagi siyosiy taranglik boshqa davlatlar uchun ham foydali emas. Diplomat qayd etishicha, rasmiylar AQSHga nisbatan “doimo izchil va barqaror siyosatga amal qiladi”, Xitoy doimo tinch taraqqiyot, o‘zaro manfaatli hamkorlik tarafdori.
TIV rahbari, shuningdek, “Amerika tomoni Xitoyga nisbatan xolis va oqilona pozitsiyasini saqlab qolishidan umidvormiz”, degan.
Davlat departamenti tarqatgan bayonotda muzokara “ochiq, sermazmun va konstruktiv”, o‘tgani ta’kidlangan.
“Kotib tushunmovchilik va muhosaba xavfini kamaytirish uchun diplomatiya, ochiq muloqot yo‘lini saqlab qolish muhimligi, “Xitoy bilan umumiy xalqaro muammolar bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatini o‘rganish lozim”ligi haqida gapirgan.
Blinken va Sin Gan XXR TIV rahbarining Vashingtonga tashrifini rejalashga kelishib olishdi.
Bugun kuni Blinken va Xitoy Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi rahbari, Siyosiy byuro a’zosi Van I yopiq eshiklar ortida muzokara o‘tkazishgan.
“The Washington Post” nashri Amerika delegatsiyasi tarkibidagi manbaga tayanib, tomonlar yetti yarim soatlik muzokara natijasida “uch asosiy vazifani hal qilishga erishgan: yuqori darajadagi aloqani tiklash, muammolarni muhokama qilish va hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganish.
Kuzatuvchilar fikricha, har ikki tomon o‘z pozitsiyasidan chekinmaslikka uringan.
Blinkenning18-19 iyun kunlariga belgilangan Xitoy safari davom etyapti. Bu joriy yil fevral oyiga rejalangan, AQSH havo hududida Xitoy shari urib tushirilgandan keyin bekor qilingan tashrifdir.
Abror XON,
O‘zA