Bir qator davlatlarda bo‘lgani kabi Turkiyada ham onlayn ovoz berish tizimi joriy etilishi mumkin. Bu yo‘nalishdagi ishlar 2024 yil bahorda bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovdan so‘ng boshlanadi, dedi Oliy saylov kengashi raisi Ahmed Yener “Hurriyet” gazetasiga bergan intervyusida.

– Elektron ovoz berish tizimi 2028 yil yoki keyingi saylovda joriy etiladi, – dedi u. – Bu muqarrar. Ushbu tizimdan biz dastlab saylovchilar soni oz bo‘lgan xorijdagi vakolatxonalarimizda foydalana boshlarmiz.

Yener eslatishicha, Oliy saylov kengashi elektron ovoz berish masalasini 2014 yildan boshlab o‘rganishga kirishgan. Siyosiy partiyalar vakillari bilan birga chet el tajribasini o‘rganish maqsadida xorijga safar ham uyushtirilgan.

May oyida Turkiyada parlament va prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Keyingi saylov 2028 yilga belgilangan.