O‘zA avval xabar berganidek, Indoneziya vitse-prezidenti Ma’ruf Amin boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga kelgan.

Yuqori martabali mulozimning matbuot kotibi Masduki Baidlovi O‘zbekiston – Indoneziya munosabati bilan bog‘liq uzoq o‘tmishga murojaat qilar ekan, yurtimizni buyuk ijodkorlar vatani, deb atadi.

– Shu kunlarda vitse-prezident rafiqasi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Bu rahbarimizning mamlakatingizga ilk amaliy tashrifi. Kun tartibida muhim masalalar bor: hamkorlikni, ayniqsa, iqtisodiy aloqani kengaytirish, o‘zaro investitsiya jalb qilish.

Sheriklikning jadal rivojlanishi sifatida yaqinda O‘zbekiston Toshkentdan Jakartaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo yo‘li ochganini e’tirof etamiz. Bu borada yurtingizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Tashrifning ikkinchi kuni tarix va sivilizatsiyaga asoslangan. Ma’lumki, O‘zbekiston diniy va ilmiy fanlar bilan bog‘liq intellektual sohada boy tarixga ega diyor, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Naqshbandiy, Imom Termiziy singari ko‘plab ulug‘ ijodkorlar vatani hisoblanadi.

Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish har ikki tomon uchun muhim jihat, deb o‘ylayman.

Masalan, Indoneziya, O‘zbekiston va Imom Buxoriy shaxsi o‘rtasida mustahkam tarixiy aloqa mavjud. O‘ylaymanki, vitse-prezident ham ushbu nufuzli hadis ulamosi majmuasini ziyorat qiladi. Umuman, davlatlarimiz o‘rtasida ziyorat turizmi salohiyati juda yuqori. Eng muhimi, ayni yo‘nalish mamlakatlararo, mintaqalararo do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Darvoqe, indoneziyaliklar odatda Makka, Madina ziyoratiga doim Misr, BAA yoki Turkiya orqali uchishadi. Fikrimcha, Saudiya Arabistoniga borishdan oldin O‘zbekistonga kelib, Imom Buxoriyni ziyorat qilib, keyin boshqa amallarni ado etsak, yaxshi bo‘lardi. Buni ko‘pchilik e’tirof etadi.

B.Xudoyberdiyev tayyorladi.

O‘zA