Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Sessiyada Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT)ga a’zo 187 mamlakat ishchilari, ish beruvchilari va hukumatlari delegatsiyalari keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, barqaror va inklyuziv iqtisodiyotga adolatli o‘tish, sifatli shogirdlik dasturlari va mehnatni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, har yili iyun oyida XMTga a’zo 187 mamlakat vakillari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro mehnat konferensiyasiga yig‘iladi.

Konferensiya hukumatlar, ishchilar va ish beruvchilar vakillari tomonidan ishlab chiqilgan XMT konvensiyalari va tavsiyalarini qabul qiladi. (Konvensiyalar XMTga a’zo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan yuridik jihatdan majburiy xalqaro shartnomalar hisoblanadi).

Tashrif doirasida Senat raisi Tanzila Norboyeva bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Xalqaro Mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari, xususan, hamkorlik qamrovini kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda munosib mehnat sharoitlarini tizimli tatbiq etish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning ushbu tashkilot bilan keyingi yillardagi amaliy hamkorligi natijasida mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlangani, sohada o‘nta yuksak ko‘rsatkichga erishilgani alohida qayd etildi.

XMTning Ijtimoiy adolat koalitsiyasini tuzish, O‘zbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidan birinchilardan bo‘lib Koalitsiya a’zolari qatoriga kiritish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Senat raisi mamlakatimizning XMT bilan hamkorligiga to‘xtalar ekan,   O‘zbekiston hamisha xalqaro mehnat standartlariga qat’iy rioya qilish yo‘lidan borishi, bu masalalar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi, mehnat munosabatlari sohasida yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali XMT bilan hamkorlikni yanada tizimli mustahkamlash O‘zbekiston uchun muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida, J.Ungbo O‘zbekistonda inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yayotgan keng ko‘lamli islohotlardan yaxshi xabardor ekanini ta’kidladi. XMT rahbari mamlakatimizda olib borilgan konstitutsiyaviy islohotlarga to‘xtalar ekan, O‘zbekistonning ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat qurishdagi qat’iyati va irodasini yuqori baholadi. Shuningdek, erishilgan o‘zaro aloqalar darajasiga to‘xtalib, bu borada O‘zbekiston hamkorlik yo‘nalishida ham, XMTning eng yuqori standartlariga to‘la javob beradigan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ham jahon mamlakatlari uchun namunali davlat deb bilishini alohida qayd etdi.

Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlari yo‘nalishida istiqboldagi rejalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.

Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi (ISSA) Bosh kotibi Marselo Abi-Ramia Kaetano bilan uchrashuv davomida esa ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Jumladan O‘zbekistonning tashkilotdagi yanada faol ishtiroki bo‘yicha birgalikdagi loyihalarni davom ettirishga e’tibor qaratildi.

Suhbat chog‘ida T.Norboyeva Assotsiatsiya tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilayotgani va ularning samarali natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ijtimoiy ta’minot mexanizmlarini ishlab chiqish sohasida muhim takliflar tayyorlanayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Bu esa, o‘z navbatida, Assotsiatsiyaning ijtimoiy ta’minot sohasida nufuzli xalqaro mexanizm sifatidagi global roli tobora ortib borayotganidan dalolat.

M.Kaetano O‘zbekiston tomonidan ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aholini ijtimoiy himoya qilish masalasini davlat siyosatining ustuvor vazifasi darajasiga ko‘tarilayotgani hurmatga sazovor ekanini ta’kidladi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar, xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishiga to‘xtalar ekan, Bosh kotib global miqyosda ahamiyati nihoyatda ortib borayotgan masalalarni hal etishda bunday ixtisoslashtirilgan idorani tashkil etish muhimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan Bosh kotib Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan agentlik bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot yakunida Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi bilan aholini ijtimoiy muhofaza qilishni faol va har tomonlama rivojlantirish yuzasidan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Shuningdek, T.Norboyeva Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar bilan ishlash byurosi direktori Mariya Xelena Andre bilan muloqot o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida munosib mehnat va ijtimoiy himoya tamoyillarini joriy etish, norasmiy bandlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini asosiy daromad bilan ta’minlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.

T.Norboyevaning ta’kidlashicha, Byuro bugungi kunda turli davlatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham mehnat munosabatlari sohasidagi dolzarb institutsional muammolarni hal etilishida faol ko‘mak ko‘rsatmoqda. Natijada O‘zbekiston kasaba uyushmalari va boshqa tuzilmalar bilan mintaqaviy va global hamkorlik rivojlanmoqda.

XMT Byurosi rahbari har qanday modernizatsiya jarayonida mehnatkashlar huquqlari, uyushmalar erkinligi, munosib mehnat huquqini kafolatlashning asosiy tamoyillariga tayangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ustuvor bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA