Har kuni dunyo bo‘yicha yuz minglab odam donor qoniga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan insonlar, baxtsiz hodisa tufayli og‘ir tan jarohati olgan va murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolishda qon muhim vosita sanaladi. Donorlik esa qon va uning komponentlariga muhtoj insonlar uchun beg‘araz ko‘makdir.
2005 yil may oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari yakdillik bilan beg‘araz qon donorligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi. Shundan buyon har yili “14 iyun – Butunjahon donorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Jumladan, yurtimizda ham!
Ta’kidlash lozimki, bugun mamlakatimizda beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish, uni aholi orasida keng targ‘ib etish, qon quyish stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti.
Ayni paytda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” IICHK, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish bo‘limlarida qon va uning tarkibiy qismlari yig‘ilmoqda.
– JSST tavsiyalariga ko‘ra, aholini qon tarkibiy qismlari bilan ta’minlash uchun qon topshirishlar soni 1000 nafar aholiga kamida 10 nafar yoki aholining 1 foizini tashkil qilishi kerak, – deydi Respublika qon quyish markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori A’lonur Saidov. – Yurtimizda bu ko‘rsatkich o‘tgan 2022 yil 1000 nafar aholiga qariyb 7,5 nafarni tashkil etdi. Natijada o‘tgan yili 56030,0 litr ermassa, 50996,7 litr plazma, 1598,8 litr trombokonsentrat va 4256 doza kriopretsipitat yig‘ildi.
Albatta, bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkin. Buning uchun yurtimizda sayyor donorlikni rivojlantirish juda muhim.
Ayni shu maqsadda joriy yil Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga 13 ta ko‘chma donorlik kompleksi – maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobuslari topshirildi.
Mazkur avtobuslar maxsus karavot, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga mo‘ljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, konditsioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning o‘zida 3 nafar donordan qon olish mumkin.
O‘zA