Nukusda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan vatandoshlarimiz uchun “Siz bizga keraksiz!” xayriya tadbiri tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati qozisi Shamsuddin Bahauddinov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari Islombek Tajetdinov so‘zga chiqib, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan xayriya tadbirlariga to‘xtaldi.

Tadbirda gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan 100 nafar yurtdoshimizga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qur’oni Karim kitobi hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ularga dasturxon yozilib, davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun amalga oshirilgan Haj safari taassurotlari to‘g‘risidagi videofilm namoyish etildi.

Tadbirda ishtirok etganlar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.


Dovud ABIBULLAEV, O‘zA