Quvvati 100 kVt.gacha bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa sotilgan elektr energiyasidan olinadigan daromadlarni foyda solig‘idan ozod etish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni mol-mulk solig‘idan, qurilmalar bilan band bo‘lgan yerlar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Bu yangilik va o‘zgarishlar “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z ifodasini topmoqda.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama etildi. Fraksiya a’zolari loyihani muhokama qilar ekan, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Mazkur qonun loyihasi amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash imkonini berishini qayd etdi.
Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturida belgilangan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, energiya resurslaridan tejamli foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishga doir dasturiy maqsad-vazifalar bilan hamohang ekanligini ta’kidlab, uni qo‘llab-quvvatladi.
M.Komilova, O‘zA