Samarqand viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari 1-sinfiga 2023-2024 o‘quv yilida 88533 nafar bolani qabul qilish kutilmoqda. Ularning 87 ming nafardan ortig‘i davlat maktablariga, 1430 nafari nodavlat ta’lim muassasalariga, shuningdek, 70 nafarga yaqini boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalariga qabul qilinadi.
– “Ta’lim to‘g‘risida” gi qonunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga bolalarni ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilish belgilangan, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi shu’ba metodisti Isomiddin Nusratov. – Ushbu tartibga muvofiq, bu yil 2016 yilning 31 dekabr kunigacha tug‘ilgan bolalar maktablarga qabul qilinadi. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida yashovchi ota-onalar yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar farzandlarini maktabga joylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali onlayn shaklda murojaat qilishlari mumkin. Boshqa tuman va shaharlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari 1-sinfiga qabul jarayonlari esa Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarorida belgilangan tartibda umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari tomonidan an’anaviy shaklda amalga oshiriladi hamda maktabga qabul qilingan o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlar maktab rahbariyati tomonidan vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarning 1-sinfiga qabul qilingan bolalar haqidagi ma’lumotlar ham shu kunning o‘zida vazirlikning elektron tizimiga kiritilishi belgilangan. Qabul jarayoni davlat xizmatlari va an’anaviy shaklda bo‘lishidan qat’iy nazar bolalarni maktablarga qabul qilish 20 iyundan 31 iyulga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1-15 avgustga qadar mikrohududdan tashqari hududlar bo‘yicha amalga oshiriladi. 2023 yilning 30 avgustiga qadar 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari vazirlikning elektron tizimi (adm.maktab.uz) ga kiritilgan bolalar soniga mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim maktablariga yetkazib beriladi.
G‘.HASANOV, O‘zA