O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati bu yil sirtqi (“zaochniy”)ga qabul jarayonlari yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab, pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTM larning faqat 14 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi shaklga qabul amalga oshirilmaydi. Qolgan pedagogik ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirish uchun kamida 5 yil ish staji talab etiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Prezidentning 2022 yil 22 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan shaxslarning ta’lim tizimida kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega ekanligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi ma’lumotlar asosida belgilanadi.
Mandat natijalari qachon e’lon qilinadi? Bilim va malakalarni baholash agentligi mutaxassisining so‘zlariga ko‘ra, abituriyentlar test sinovida ishtirok etgan kunining ertasiga o‘z natijasini bilib olishi mumkin.
Abituriyentning javoblar varaqasi rangli skaner qilinib, shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi va u yerda nechanchi savolga qaysi javob belgilangani, bu javob to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi ko‘rsatiladi.
Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng, bir hafta ichida abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani bo‘yicha natijalar e’lon qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA