Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga molik bir qator masalalar muhokama qilindi.
Majlisni kirish so‘z bilan ochgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etgani, unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Spiker mamlakatimizda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tayotgan Prezident saylovi haqida ham to‘xtalib, saylov jarayonlari muhim bosqichga kirgani, prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatga olingani, saylovoldi tashviqoti joriy yil 7 iyundan boshlanishi, nomzodlarning saylovoldi dasturlarida mamlakatimiz rivojiga qaratilgan muhim tashabbuslar, shu jumladan, qonunchilik tashabbuslari ilgari surilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, “Saylov jarayonlari milliy saylov qonunchiligimiz, xususan, Saylov kodeksi va umume’tirof etilgan xalqaro talablarga muvofiq shaffof tashkil etilmoqda”, dedi Spiker.
Muhtarama Komilova, O‘zA