Nukusdagi Amfiteatr majmuasida qo‘l jangining R1 yo‘nalishi bo‘yicha professional sportchilar o‘rtasida xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qo‘l jangi federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada Rossiya, Germaniya, Belorus, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston va mamlakatimiz sportchilari o‘z mahoratini namoyish etdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari Rustam Saparbayev, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi Prezidenti Astaxov Sergey Aleksandrovich va boshqalar so‘zga chiqib,  davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sportni, shu jumladan, yakkama-yakka kurash turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga to‘xtaldi.

Musobaqani 48 kilogramm vazn toifasidagi yosh sportchilar boshlab berdi. Unda A.Ahadov (Farg‘ona) va Ye.Aybekov (Nukus) o‘rtasidagi bellashuvda qoraqalpog‘istonlik sportchining qo‘li baland keldi. Shundan so‘ng  57 kilo (yarim yengil) vaznda Z.Abdurahmonov (Ozarbayjon) hamda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan yana bir qoraqalpog‘istonlik  I.Abdreimov bellashuvida maydon egasi g‘alaba qozondi. 62 kilogramm (yengil) vazn toifasida rossiyalik T.Tokarev hamda mamlakatimiz vakili Sh.Tursunov o‘rtasidagi bellashuvda ancha tajribaga ega rossiyalik sportchiga omad kulib boqdi.

67 kilo vazn toifasida  germaniyalik Nik Shanler va mamlakatimiz vakili X.Sattorov, 80 kilo vazn toifasida tojikistonlik U.Usmonov hamda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan qoraqalpog‘istonlik  N.Sitmuratovlarning chiqishi musobaqaning eng chiroyli janglari bo‘ldi. Unda mamlakatimiz sportchilari muddatidan oldin g‘alaba qozondi.

Musobaqani 88 kilo va 97 kilo vazn toifalaridagi sportchilar yakunlab berdi. 88 kilo vazn toifasidagi bellashuvda belaruslik D.Gvozdev va mamlakatimiz vakili J.Rahmonaliyev,  97 kilo vazn toifasidagi bellashuvda Moldova vakili D.Chakusta hamda tajribali sportchilarimizdan biri B.Xojabekovlar ringga ko‘tarildi. Har ikkala bellashuvda ham mamlakatimiz sportchilari g‘alaba qozondi.

Musobaqa g‘olib va ishtirokchilari 3000, 2000 va 1000 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari, shuningdek, murabbiylar esdalik sovg‘alari bilan  taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA