FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Amudaryo tomorqa xizmat klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati 17 ming 800 dan ortiq xonadondagi tomorqa yer egalariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Joriy yil erta bahorda MCHJ tomonidan bir nechta turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘i va ko‘chatlari, shuningdek, zarur mineral o‘g‘it va yoqilg‘i moylar omilkorlarga yetkazib berildi. Buning uchun korxonadagi 17 ta motokultivatordan samarali foydalanildi. Bundan tashqari, 2 ming gektar maydonga kartoshka urug‘i ekildi.

Hozirgi kunda jami 70 nafar doimiy ishchi mehnat qilayotgan korxonada 12 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tarmog‘i ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, sutni qayta ishlash, moshni saralash, kunjutni qayta ishlash sexlari, 400 ming dona jo‘ja chiqarish inkubatori kabi tarmoqlar samarali faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, MCHJ qoshidagi 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda asosan pomidor va bodring yetishtiriladi.

Korxonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxira bazasini ta’minlash maqsadida imtiyozli kredit evaziga sotib olingan, sig‘imi 750 tonnalik zamonaviy muzlatkich ham ishlab turibdi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA