Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Parkent tumanidagi «Markaziy» mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq mahalla faoliyatining tashkiliy asoslari, jamiyat hayotidagi roli mustahkamlanmoqda.
«Markaziy» mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino, mahalla guzari barpo etilgan. Bu yerda yig‘in xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilgan, ular komputer, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Profilaktika inspektori xonasida mahalladagi jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilish imkoniyatini beruvchi monitor o‘rnatilgan.
Mahalla to‘g‘risida qonun bor, sharoit yaratilgan, lekin mahalla raisining javobgarligi yetarli darajada belgilanmagan, quyi tizim yo‘q edi, dedi davlatimiz rahbari. Endi mahalla fuqarolar yig‘iniga katta vakolat va imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi Prezidentning vakili, o‘z hududining egasi bo‘lib, har bir xonadondagi holatni, odamlarning talablarini bilishi va unga ko‘mak berishi kerak.
Shu yerda ichki ishlar tizimi tomonidan olib borilayotgan profilaktika ishlari, “Xavfsiz dam olish” konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz Toshkent viloyati, jumladan, Parkent tumanida turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat borligi, buning uchun dam oluvchilar va aholining xavfsizligini ta’minlash, odamlarni shu yo‘nalishda oilaviy tadbirkorlikka o‘rgatish kerakligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev mahalla guzarida faoliyat yuritayotgan tikuvchi va kasanachi ayollar bilan suhbatlashdi.
Tumanda 2 suv ombori qurish, tomchilatib sug‘orish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, tokzorlar tashkil etish, Parkent shahrining bosh rejasi, ko‘p qavatli uy-joylar, yo‘llar, bozor, istirohat bog‘i va boshqa obyektlar barpo etish loyihalari namoyish etildi.
Prezidentimiz Parkentsoy va Qizilsoy suv omborlarining tuman iqtisodiyoti, aholi daromadlarini oshirishdagi ahamiyatiga urg‘u berdi. Ushbu suv omborlari qurilishi natijasida 5 ming 800 gektar yer muntazam suv bilan ta’minlanadi. 3 ming 900 gektar lalmi yerga suv chiqariladi, 1 ming 900 gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Parkent erkin iqtisodiy zonasini tashkil etib, 100 million dollar investitsiya kiritish, tuman imkoniyatlari va bozor talabidan kelib chiqib, ishlab chiqarish yo‘nalishlarini belgilash, shu bilan birga, yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchi zavodlar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, viloyat iqtisodiyoti uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash, aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni oshirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari Parkent tumani Guliston mahallasida yashovchi Aminjon ota Muhammadjonovning bog‘ida bo‘ldi.
74 yoshni qarshilagan Aminjon ota umr yo‘ldoshi Ixtibor aya bilan besh farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli.
Aminjon ota farzandlari bilan “Zuhra ona plyus” xususiy korxonasini tashkil etgan. Mahalladagi qariyb 3 gektar yerda manzarali daraxtlar va butalar ekib, bog‘ yaratgan.
Shavkat Mirziyoyev bog‘ni kirib ko‘rdi. Shunday ajoyib bog‘ yaratgani, xorijdan ko‘chatlar olib kelib, yurtimiz sharoitida ko‘paytirayotgani uchun Aminjon otaga minnatdorlik bildirdi.
Odamning qo‘li gul degani mana shu, dedi davlatimiz rahbari. Bu bog‘ Vatanni sevishning, mehnatsevarlikning yaqqol namunasi. Otaxonning tajribasini o‘rganish, boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish kerak. Bu kishi qishloq xo‘jaligi sohasidagi ta’lim muassasalarida dars bersin, odamlar kelib bu ishlarni o‘rgansin.
Prezidentimiz bog‘da mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, Toshkent viloyatini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan rejalar haqida so‘z yuritildi.
Nuroniylar xalq bilan muloqot qilib, inson manfaatlarini ta’minlashda namuna bo‘layotgani, hudularni rivojlantirish, odamlar turmush farovonligini oshirishga qaratayotgan e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan zamonaviy logistika markazida bo‘ldi.
«Greenfoodtrade» MChJ tomonidan tashkil etilayotgan mazkur markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 2018-yilning uchinchi choragida to‘la quvvat bilan ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu loyiha mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yer maydonlaridan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qirq gektardan ortiq maydonni egallagan majmuada 5 kross-doking, gipermarket, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash va saqlash ombori, 10 ming tonnalik muzlatgich, 150 o‘rinli mehmonxona quriladi.
Mazkur majmua haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shu yerda Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Qibray tumanidagi Agrologistika markazi meva-sabzavot mahsulotlarini quritish va qadoqlash, issiqxona, muzlatgich, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni o‘z ichiga oladi. 2018-yilning birinchi yarmida ishga tushiriladigan markazda 500 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tomonidan Ohangaron tumanidagi «Sardorkom» mas’uliyati cheklangan jamiyatida olmadan sharbat tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Parkent tumanida tashkil etiladigan korxonada meva-sabzavotni muzlatish, qadoqlash va saqlash majmuasi, zamonaviy issiqxona barpo etiladi.
Erlardan unumli foydalanish kerak. Bugungi zamon to‘g‘ri kelgan narsani emas, foyda keltiradigan, bozori chaqqon mahsulotlar yetishtirishni talab qilmoqda.
Tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilayotgan yirik loyihalar haqida ham so‘zlab berildi. Loyihalarda qog‘oz mahsulotlarini qayta ishlash, meva-sabzavotlarni qadoqlash uchun gofrokarton qutilar ishlab chiqarish, parrandachilik sohasini rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini quritish ko‘zda tutilgan.
Toshkent viloyati tumanlarida rentabelligi va hosildorligi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlarga ekiladigan ekin turlarining sxematik xaritasi namoyish etildi.
Viloyat qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini monitoringdan o‘tkazish ishlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bunda kvadrokopter yordamida yer maydonlarini o‘lchash, ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish, yer maydonlarini aerofotos’emka qilishga e’tibor qaratilgan. Yer maydonlarini AN-2 samolyoti va kvadrokopter yordamida o‘lchash natijalari taqqoslandi. Ma’lum bo‘lishicha, 100 gektar maydonni samolyot yordamida 20 soatda o‘rganilsa, kvadrokopter qo‘llanilganda xuddi shu hajmdagi ishlarga bor yo‘g‘i 4 soat sarflanar ekan. Bundan tashqari, ekinlarga agrodron, OVX purkagichi va samolyot yordamida ishlov berishning qiyosiy ko‘rsatkichlari ham namoyish etildi. Ish unumdorligini oshirishda zamonaviy agrodronlarning imkoniyatlari yuqori baholandi.
Bu kabi zamonaviy qurilmalar qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev. Agar sohaning ertangi kunini o‘ylasak, bunday zamonaviy tizimga tezroq o‘tishimiz kerak. Dronlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, bu borada qo‘shma korxona tuzish va kadrlar tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim.
2017-2018-yillarda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish innovatsion loyihasi ham ko‘rsatildi. «O‘zagrotexsanoatmashxolding» kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish qilindi. Kompaniya qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, mashina-traktor parklari va lizing xizmatlarini o‘zida jamlagan. Loyihalardan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari va istiqboldagi rejalar o‘rin olgan.
Mamlakatimizda belaruslik investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarilmoqda. Prezidentimiz ushbu texnikalar turlarini ko‘zdan kechirdi. Investorlar bilan mazkur tizimni yanada takomillashtirish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari haqida suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davomida taqdimot etilgan yangi loyihalar viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.