Ko‘p mamlakatlarda, jumladan, respublikamizda ham farmatsevtika sanoatining jadallik bilan rivojlanishi dorivor o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan talabning keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 martdagi “Respublikada kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom ashyosini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish xamda eksport qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom ashyosini qayta ishlash keng yo‘lga qo‘yildi.
Kavrakning yer yuzida 160 dan ziyod turlari, O‘rta Osiyo respublikalarida 104, mamlakatimizda esa 50 turi uchraydi. Mazkur o‘simlik respublikamizning Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasining qumli cho‘llar, adir, tog‘ va tog‘oldi yalangliklarda, tuproqli yerlarda o‘sadi.
Kavrakning yelim-smolasi xalq tabobatida o‘pka sili, o‘lat, zaxm, ko‘k-yo‘tal, tish og‘rig‘i, asab va boshqa kasalliklarni davolash uchun, hamda quvvat beruvchi, balg‘am ko‘chiruvchi va gijja haydovchi dori sifatida qo‘llaniladi. Ilmiy meditsinada kovrak yelim-smolasi – “assafetida” nomi bilan kukun, emulsiya va tindirma (nastoyka) holida og‘riq qoldiruvchi, balg‘am ko‘chiruvchi, quvvat beruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi va ko‘pgina davlatlar farmakopeyasiga kiritilgan.
Keyingi paytlarda katta daromad manbai bo‘lgan kavrak o‘simligi va xomashyosidan nazoratsiz, rejasiz hamda noto‘g‘ri foydalanish natijasida kavrak tabiiy maydonlari ancha qisqardi. O‘rganishlarga ko‘ra, tabiiy kavrak maydonlari 2019 yilda 33 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda 17 ming gektarga kamayib ketgan. Olingan shira hajmi ham 2019 yilda 104 tonna o‘rniga 2021 yilda 50 tonnaga tushib qolgan. Shu kunlarda kavrakchilikni rivojlantirish va undan unumli foydalanish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi “Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni kavrakni yetishtirishdan to tayyor mahsulot shaklida eksport qilish, sotish bozorlarini kengaytirishgacha bo‘lgan jarayonlarda davlat ko‘magini kengaytirishga qaratilgan, – dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov. – Hujjatga muvofiq, hududlarda kavrakchilik klasterlarini va ko‘chatchilik xo‘jaliklarini tashkil qilish, shuningdek, klasterlar tomonidan yig‘ib olingan xomashyoni qayta ishlash, mahsulotning chetdan import qilinadigan materiallari va uskunalarni olib kirishda davlat bojlaridan ozod qilish, yangidan madaniy plantatsiyalar tashkil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yig‘ilgan xomashyoni yarim tayyor mahsulot qilib eksport qilish hajmi oshirilishi belgilandi.
Farmon bilan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasiga yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlash, madaniy kavrak plantatsiyalarini tashkil etish, kavrakni qayta ishlab tayyor mahsulot shaklida eksport qilish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi yuklatildi.
Buxoro Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kavrak yetishtirish va yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi uy xo‘jaliklari va kavrak ko‘chatchiligi xo‘jaligini birlashtiruvchi kooperatsiya usulidagi kavrakchilik klasterlarining tashkil etilishi, 2026 yilgacha 39 million dollar miqdorda investitsiya kiritish, 14 ming 210 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish, 30 ming gektar maydonda kavrakni madaniy usulda ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bu jarayon bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Tahlillarga ko‘ra, jahon bozorida 1 kilogramm kavrak shirasining o‘rtacha narxi 150-200 AQSH dollar bo‘lib, mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan 47-50 dollardan eksport qilinmoqda. Vaholanki, kavrak shirasini qayta ishlab, ziravorlar tayyorlash orqali bu qiymatni 5 barobarga oshirish mumkin.
Hindiston, Xitoy va Fransiya davlatlari kavrak xomashyosidan dori vositalari, efir moylari va turli ziravorlar ishlab chiqarib yiliga 8,7 milliard dollargacha daromad qiladi.
Kavrak mahsulotlarining jahon bozoridagi yillik aylanmasi esa 17 milliard dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonda ham kavrakchilikni rivojlantirish uchun investorlarga qulay muhit yaratilgan.
Amaldagi tartibga muvofiq, respublikamizda xorijiy sub’ektlardan 1 kilogramm sassiq kavrak shirasini yig‘ib olganlik uchun 2 dollar, tojik kavrak shirasi uchun 9 dollar to‘lov undiriladi. Endilikda, ushbu to‘lov miqdori sassiq kavrak shirasining bir kilogrammi uchun 4 baravarga, tojik kavragi shirasining 1 kilogrammi uchun ikki baravarga oshiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA