Ayni kunlarda mamlakatimizda daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat byudjetidan subsidiyalar ajratilmoqda.

Bugungi kunda ko‘pchilik fuqarolardan uy-joy uchun subsidiya ajratishni rad etish sabablari, subsidiya olish uchun ariza berish tartibi, subsidiyaga ariza topshirganda daromadi qanchagacha bo‘lishi kerakligi bo‘yicha savollar kelib tushmoqda.

Avvalo shuni ham aytish joiz, ipoteka kreditlari asosida subsidiya olishda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi kerak.

Subsidiyalar kimlarga beriladi?  

Subsidiya mablag‘lari faqatgina uy-joyi yo‘q, daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa O‘zbekiston fuqarolariga ajratiladi. Subsidiya olish uchun fuqaro 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Agar fuqaro mehnat migranti bo‘lganda, uning nomidan oila a’zolari ham ariza berishi mumkin. Subsidiyalar bir oilaga (oila a’zolarining bittasiga) faqatgina 1 marta beriladi.

Subsidiyaga ariza topshirganda daromadi qanchadan qanchagacha bo‘lishi kerak? 

Prezidentimizning 33-sonli farmoniga asosan Vazirlar Mahkamasining  2020 yil  25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, fuqarolar tomonidan uy-joy sotib olishda davlat byudjetidan subsidiya ajratilishi uchun ariza beruvchi yoki oilaning daromadi kuyidagicha bo‘lishi kerak.

Daromadi yuqori bo‘lmagan fuqaro yoki oila — qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha oylik daromadlar miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha va Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lgan oilalarga ajratiladi.

Sodda qilib aytganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKM 980 ming so‘mning 2,7 baravari, ya’ni 2 million 646 mingdan kam bo‘lmasligi va 8 baravari 7 million 840 mingga teng yoki kam bo‘lishi zarur.

Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravari 2 million 646 mingdan kam bo‘lmasligi va 9,2 baravari, ya’ni 9 million 16 mingga teng yoki kam bo‘lishi zarur. Ko‘rsatilgan normadan oylik maoshingiz yuqori yoki kam bo‘lsa arizangiz rad etiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 mart kungi 182-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 34-bandiga ko‘ra, quyidagi hollarda ariza beruvchiga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratilishi rad etilishi mumkin.

Ya’ni, taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda, taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda, ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiya olgan (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) oila a’zolari (eri, xotini) takroriy murojaat etganda ariza rad etiladi.

Yana bir ma’lumot, agar talabgor ipoteka shartnomasi bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini, ya’ni to‘lovlarni surunkali ravishda bajarmasligi oqibatida ipoteka shartnomasi bekor qilinsa, shartnoma bo‘yicha undiriladigan mablag‘lar, shu jumladan, ajratilgan subsidiyalar garovdagi uy-joy sotilishidan to‘liq ravishda qaytariladi.

Shuni ham aytish o‘rinli, subsidiya olish jarayonida Davlat xizmatlari markazlari faqatgina ariza olib qolib, tayyor natijani taqdim etish vakolatiga ega. Qolgan masalalar, ya’ni kimga, qaysi hamda qancha miqdorda subsidiyalar ajratishni tashkil etilgan komissiya tomonidan hal qilinadi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA