Qatar – O‘zbekiston hamkorligi muhokama qilindi

Qatar axborot agentligi – QNA xabar berishicha, ushbu mamlakat savdo palatasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qildi.

Bosh direktorning hukumat bilan aloqa va qo‘mitalar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Ali Sharbak Al-Mansuriyning Agentlik direktori Murod Mirzayev bilan uchrashuvida iqtisodiy va savdo aloqalari, mamlakatlarimizdagi investitsiya muhiti va mavjud imkoniyatlar ko‘rib chiqildi, ishbilarmonlar o‘rtasida o‘zaro sarmoyaviy imkoniyat, sheriklikni rivojlantirish mumkin bo‘lgan muhim tarmoqlar tahlil etildi.

Janob Al-Mansuriy ikki davlat o‘rtasidagi munosabatni yuqori baholab, xususiy sektor hamkorligini kengaytirish, o‘zaro sarmoya hajmini oshirish orqali savdo aylanmasini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Tadbirkorlarni birlashtiruvchi Qatar –O‘zbekiston biznes forumini tashkil qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Qatar tadbirkorlarining hamkorlikka intilishi kuchli ekani ta’kidlandi.


Muharrama Pirmatova,

O‘zA