Boku shahrida “Yashil” iqtisodiyot, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish orqali xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda milliy parlamentlarning roli” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Milli Mejlisi tomonidan YeXHT Parlament Assambleyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda YeXHT mintaqasining 27 mamlakati parlamentlari a’zolari, xalqaro tashkilotlar qatori O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbir “Barqaror rivojlanish va iqtisodiyotni tiklashda “yashil” konsepsiya va texnologiyalarning o‘rni” va “Barqaror rivojlanish uchun xalqaro transport va savdoni ishga solgan holda iqtisodiyotni rag‘batlantirish orqali ta’minot zanjirlari barqarorligini mustahkamlash” mavzularidagi ikkita panel sessiyasi doirasida o‘tkazildi.
“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish qator muammolarni hal etishga xizmat qilishi, “yashil” texnologiyalar esa atrof-muhitni muhofaza qilishda eng samarali yechim ekani, bugungi kunda bular eng maqbul yechimlardan biri ekaniga e’tibor qaratildi.
Konferensiya doirasida milliy parlamentlar a’zolari xalqaro transport va savdoni yengillashtirish orqali ta’minot barqarorligini oshirishning dolzarb masalalari, shuningdek, barqaror rivojlanish va iqtisodiyotni tiklashda “yashil” konsepsiya va texnologiyalarning roli muhokama qilindi.
Hamkor mamlakatlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishlari lozimligi, bunda “yashil” iqtisodiyot kelajakdagi inqirozlarga nisbatan chidamliroq bo‘lish imkoniyatini kengaytirishi qayd etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, xususan, Senat a’zosi Qobil Tursunov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlar, xususan, “yashil” va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga to‘xtalib o‘tdi. Ishtirokchilarga “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirish va “yashil” o‘sish tamoyillarini joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlarida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berildi.
Anjuman yakunida iqtisodiy va ekologik muammolarni birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA