– Dunyodagi geosiyosat tobora qaltislashib borsada, Rossiya kambag‘allikni qisqartirish dasturiga og‘ishmay amal qilib kelmoqda. – Rossiya Mehnat vazirligi departamenti bosh direktori Andrey Galkinning bu so‘zlari forum ishtirokchilari tomonidan olqishlandi. Biz ro‘yxatga olingan 9 million aholiga ko‘mak berishimiz kerak. Buning uchun Rossiya sharoitidan kelib chiqib 41 yo‘nalishda loyihalar qabul qilingan.
Darhaqiqat, forumda eng ko‘p tilga olingan fikr – dunyoga tinchlik ham kerak, ehtiyojmand aholini kambag‘allikdan chiqarish ham lozim, degan iddao bo‘ldi. Tahlil, takliflar bir-birini inkor etmasada, har biri o‘ziga xos. Masalan, BMTning XXRdagi vakolatli vakili Siddxart Chatterdj janoblari Xitoy quruqlikning 9 foiziga ega bo‘lgan holda yer yuzi aholisining 20 foizini tashkil etadi. Bunday nomutanosiblikda ham xalqni kambag‘allikdan chiqarish katta yutuqdir. Uni nafaqat SHHT doirasida, balki BMT maydonida keng yoyish kerak, dedi.
Yoki Xitoy turizm ishlari vaziri Liu Shijun ichki turizmni rivojlantirish bilan qishloq aholisi daromadini oshirish, infratuzilma yaratilishi, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi kabi muhim masalalarga yechim topiladi, dedi. Hozir Xitoyda turizm qishloqlari soni o‘n mingdan oshganini ta’kidladi u.
Pekin Universiteti professori Jang Ji O‘zbekistondagi islohotlar samaradorligini alohida e’tirof etib, qisqa vaqt ichida bir million odam kambag‘allikdan chiqarilgani davlat rahbariyati to‘g‘ri yo‘ldan borganligini ko‘rsatadi, dedi.
Forumda yana elchilar, vazirlar, olimlar so‘zga chiqib o‘z mamlakatlari misolidagi tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar. Ishtirokchilarning ta’kidlashlaricha, keyin yana bir qiziqarli ma’ruza bo‘ldi. Bu O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori Mirzohid Ubaydullayevning chiqishi bo‘ldi. U O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda hokim yordamchilari instituti tajribasi haqida gapirdi.
– Bu vazifaga mamlakatimizdagi 9 mingdan ziyod o‘rta amaldor va mutaxassislar tayinlandi, – dedi Mirzohid Ubaydullayev. – O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, ularga ko‘maklashish jamg‘armasi tuzildi. Hokim yordamchilari birinchi bosqichda 7 million oila iqtisodiyoti haqida ma’lumotlar bazasini yaratdi. Ular uch toifaga bo‘linib, holatiga qarab ijtimoiy himoyaga olindi.
Ular kasbga o‘rgatildi, buning uchun o‘quv kurslari ochilib, tadbirkorlikka sharoit yaratildi. Imtiyozli kredit, subsidiyalar hokim yordamchilari tavsiyasi bilan berildi. Subsidiya 20 yo‘nalishda har bir odamga 1000 AQSH dollarga teng miqdorda ajratildi. 2022 yilda mahallani o‘rganish natijasida hokim yordamchilari tavsiyasiga ko‘ra, 425 ming aholi, jumladan 75 ming ishsiz subsidiya oldi. Ikki yuz ming odam yangi kasb egasi bo‘ldi. Aynan qishloq mahallalaridagi hokim yordamchilari xulosasi bilan 200 ming gektar yer maydoni 30 yilga ijaraga ajratib berildi…
Mirzohid Ubaydullayev hokim yordamchilari kechayu-kunduz mahalla aholisi bilan birga ekani, ularning yutug‘ini ham, muammosini ham chuqur o‘rganganini va yuqori natijaga erishgan yordamchilar mas’ul vazifalarga tayinlanayotganini ham gapirib berdi.
Natija shuki, – dedi u so‘zining oxirida, – bir yilda O‘zbekistonda bir million odam kambag‘allikdan chiqarildi.
Qirg‘iziston, Nepal, Turkiya vaziri, elchilari, Xitoylik olimlar O‘zbekistondagi “hokim yordamchisi” instituti kambag‘allikni qisqartirish jarayonidagi yangi, ijobiy holat deb baholadilar.
Shaxsan men uchun “hokim yordamchisi”ning ro‘yxatga olingan ehtiyojmandlar bilan bir havodan nafas olib kechayu-kunduz birga ekani yangilik bo‘ldi, – dedi Xitoy Fanlar Akademiyasi xorijiy islohotlarni o‘rganish markazi direktori professor Bi Szen. – Bu uslub SHHT loyihasi doirasida ommalashtirishga munosib deb o‘ylayman.
Ha, dunyoga tinchlik ham kerak, kambag‘allikni qisqartirish ham. Xitoy boshlab bergan tajriba bugun forumda ta’kidlanganidek, Osiyo bo‘ylab kezmoqda.
Muhammadjon Obidov
Yanlin, Xitoy