Malayziyaning yirik kundalik nashri – “The New Straits Times” sahifasida “Yil oxirigacha “Batik Air” Kuala-Lumpur va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovni yo‘lga qo‘yadi” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
“Batik Air” (sobiq “Malindo Air”) loukoster aviakompaniyasi strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Chandran Rama Muti ushbu avia tashuvchi Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga uchta reys qo‘yishni rejalashtirayotgani, g‘oya shu yil noyabr yoki dekabr oyida amalga oshishini ma’lum qilgan.
Mulozim gazeta muxbiri bilan suhbatda bildirishicha, ayni payt kompaniya Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti rasmiylari bilan parvozni boshlash uchun ruxsat olish maqsadida muzokara olib boryapti.
– Olmaota bilan taqqoslaganda Toshkent ancha katta bozor, – deydi Chandran Rama Muti. – Toshkent xalqaro aeroporti esa O‘zbekistondagi eng yirik xalqaro aeroport bo‘lib, 2019 yil yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichi bo‘yicha Markaziy Osiyoda uchinchi o‘rinni egalladi. Yaqinda “Uzbekistan Airports” AJ Singapurning “Changi Airports International” kompaniyasi bilan Toshkent xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi. Umuman, O‘zbekistonda turizm sanoati jadal rivojlanmoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Toshkent xalqaro aeroporti bilan bir qatorda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ham parvozni butun dunyo bo‘ylab, jumladan Kuala-Lumpurgacha ham kengaytirmoqda.
Aviakompaniya 2022 yil noyabrdan boshlab haftasiga ikki marta Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Toshkentdan Parij, Milan, Pekin, Tokio va Jakartaga ham parvoz qilinmoqda.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi iyun oyidan Bangkok shahriga parvozni tiklaydi.
“Batik Air” “Kuala-Lumpur – Toshkent” yo‘nalishida “Boing” kompaniyasining tor fyuzelyajli “B737 MAX8” yoki “Airbus”ning keng fyuzelyajli “A330” samolyotlaridan foydalanishi mumkin. Zero, bu uchoqlar 8,5 soatgacha parvoz qila oladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, mamlakatning eng ko‘hna gazetalaridan biri hisoblangan “The New Straits Times” 1845 yil Malayziyadagi yagona ingliz tilli, ko‘p sahifali nashr sifatida tashkil etilgan. Kundalik tiraji 200 ming nusxadan oshadi. Elektron nashrining kundalik o‘quvchilari soni 5 milliondan ortiq.
O‘zA