2023 yil 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya a’zolari tomonidan hududlardan saylangan delegatlar, partiya Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qurultoy kun tartibida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Qurultoyda 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligining yangi tamoyillari, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiq va shaffof o‘tkazilishi, saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti, teng sharoitlar ta’minlanishi ta’kidlandi. Mamlakatimizda milliy saylov qonunchiligi va amaliyot boy amaliy tajriba, xalqaro saylov standartlari asosida takomillashib borayotgani, fuqarolarning siyosiy-huquqiy xabardorligi va faolligi ortgani demokratik islohotlarni rivojlantirishga katta turtki berayotgani, mana shunday muhim davrda o‘tayotgan Prezident saylovida munosib ishtirok etish Xalq demokratik partiyasining har bir a’zosi zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi qayd etildi.
Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi.
Partiya Markaziy Kengashining joriy yil 12 may kuni bo‘lib o‘tgan plenumida Xalq demokratik partiyasidan partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatov nomzodini ilgari surish haqida qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakolatli vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat so‘rab, Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi. Hujjatlarni o‘rganib chiqqan Markaziy saylov komissiyasi O‘zXDP ning 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berdi.
So‘zga chiqqan partiya faollari Ulug‘bek Inoyatov nomzodini qo‘llab-quvvatladilar.
Qurultoyda nomzod masalasi bo‘yicha muhokamalardan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovni nomzod sifatida ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Dasturi to‘g‘risidagi masala ham atroflicha muhokama qilindi.
Nomzod dasturida ko‘zlangan asosiy maqsad, mamlakatimizda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishdir. Bundan tashqari, Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishlarida 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi sifatida kuchli ijtimoiy siyosat sohasida pensiya tizimini takomillashtirish, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish, ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish, pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi sifatida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish,
internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat, reklama bilan shug‘ullanayotganlar daromadlarini soliqqa tortish, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish kabi tashabbuslar o‘rin olgan. Qonun ustuvorligini, tenglik va inson huquqlarini ta’minlash garovi sifatida sud-huquq islohotlariga ham nomzod dasturida alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarining har yili rotatsiya qilish, odil sudlovni amalga oshirishda hakamlar hay’ati institutini joriy qilish, sohaviy nazorat organlari (inspeksiyalar) faoliyatini kuchaytirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini amalga oshirilishida jamoatchilik nazorati va mehnat inspeksiyasining rolini oshirish, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini xatlovdan o‘tkazib, svetoforlar bilan jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilish kabi bir qator yangi va muhim taklif-tashabbuslar o‘rin olgan.
Shuningdek, mazkur dasturda ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruv tizimini isloh etish bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish, ayrim davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish, davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirish hamda siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalarining huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, dasturda ochiqlik va milliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangan konstruktiv tashqi siyosat masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ushbu yo‘nalishda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi takliflar ham bayon etilgan.
Qurultoy delegatlari nomzod dasturi Xalq demokratik partiyasining ustuvor dasturiy g‘oya va maqsadlariga mos ekanini, dasturda partiya elektorati, aholining ehtiyojmand qatlami huquq va manfaatlari birinchi navbatda hisobga olingani qayd etildi. Shu bilan birga, delegatlar nomzod dasturini shakllantirish bo‘yicha respublikamizning barcha hududlarida izchil ish olib borilgani, partiya a’zolari, xayrixohlar, boshlang‘ich tashkilotlar hamda hududiy kengashlardan ham takliflar olingani, dasturda partiyaning ko‘p ming sonli a’zolari fikri va qarashlari o‘z ifodasini topayotganini ta’kidlashdi.
Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning dasturi ham tasdiqlandi.
O‘zA