O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan uchrashuvda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha shu yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan referendum yakunlariga to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yangilangan konstitutsiyada barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, uni ishlab chiqishda aholi faol ishtirok etganligi hamda referendum orqali qabul qilinganligi ushbu hujjatning chinakam xalq konstitutsiyasi bo‘lganidan dalolat ekanligini ta’kidladi.

– Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilgungacha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, mamlakatimizning ertangi kuni, kelajagi, taraqqiyoti va xalqimizning farovon hayot kechirishi yangidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga bevosita bog‘liq. Shuning uchun 30 aprel kuni mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi ham o‘zlari yashayotgan hududlardagi Referendum o‘tkazuvchi uchastkalarga borib ovoz berib, faol ishtirok etdi. Bu esa xalqimizning Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida jipslashgani, birlashganidan dalolatdir. Shu jihatdan qaraganda, yangilangan bosh qomusimiz, haqiqatdan ham, xalq Konstitutsiyasiga aylanishi shubhasiz.

Shuningdek, Prezidentimiz uchrashuvda yangilangan Konstitutsiya parlament faoliyatida ham muhim o‘zgarishlarni nazarda tutishini, xususan, davlat hokimiyati tizimida bir-birini tiyib turish va muvozanatni saqlash maqsadida Oliy Majlis palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, Qonunchilik palatasining vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘payishini alohida ta’kidladi.

Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, xalqchil davlat boshqaruvi hamda kuchli parlament zarur. Yangilangan Konstitutsiyamizning yana bir ahamiyatli jihati shunda, bosh qomusimiz xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilandi.

O‘tkazilgan uchrashuvda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda Konstitutsiyaviy sud rahbarlari ham so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi. Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning har bir normasi barcha aholi qatlamlari manfaatlarini inobatga olgan, jamiyatimizni Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida birlashtiradigan, mamlakatimiz taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qiladigan mukammal xuquqiy asos bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Tajibay Romanov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi

O‘zMTDP fraksiyasi rahbari

O‘zA