Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy analiz usullari ilmiy laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Professor Aziz Sanjar AQSHda yashab, Shimoliy Kаrolina universitetida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi mashhur turk biokimyogaridir. Olim oxirgi 20 yilda saraton bilan zararlangan hujayraning DNK tizimini tuzatishning biokimyoviy mexanizmlarini ishlab chiqqan va ushbu tadqiqoti uchun 2015 yilda kimyo fanlari bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

– Laboratoriya energodispersion rentgen fluoressent spektrometr, elektron yutilish spektrofotometri, kukun rentgen difraktometri kabi sakkiz turdagi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan, – dedi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. – Ilmiy laboratoriyada xalq xo‘jaligining kimyo, farmatsevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, biologik tadqiqotlar, konchilik kabi sohalarida tadqiqotlar olib borish imkoniyati mavjud. Shuningdek, mehmonlar molekulyar biotexnologiyalar va zamonaviy botanika asoslari hamda vivariy, biofiziologik, biokimyoviy tadqiqotlar ilmiy laboratoriyalari bilan tanishdi.

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va professor-o‘qituvchilar qatnashdi. Ertaga Samarqand davlat universitetida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar “Miya saratonini davolashning innovatsion usullari” mavzusida ma’ruza qilishi ko‘zda tutilgan.

G‘.HASANOV, 
A.ISROILOV (surat), 
O‘zA.