Termiz shahrida joriy yilning 5-6 may kunlari Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarining mintaqalararo forumi bo‘lib o‘tadi.

“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashkil etayotgan nufuzli anjuman “Hunarmandchilikda elektron tijorat – Markaziy Osiyo ayollari biznesidagi asosiy o‘zgarishlar drayveri” mavzuiga bag‘ishlanadi.

Mintaqamiz hunarmandlari o‘rtasida istiqbolli biznes loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq kelishuvlarga erishish uchun qulay sharoit yaratishi kutilayotgan forumda Markaziy Osiyoning 100 dan ortiq mohir hunarmand ayollari ishtirok etadi. Tadbirning mamlakatlarimizda milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, ayollarning tadbirkorlikdagi ishtirokini ta’minlash, infratuzilma va resurslardan foydalanish, xotin-qizlarni ish bilan band qilishning mintaqaviy muammolari, axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ko‘magi, Markaziy Osiyo ayollari o‘rtasida hunarmandchilikni rivojlantirishni monitoring va tahlil qilish tizimini shakllantirishga yo‘naltirilgani ahamiyatlidir.

Forum tashkilotchilaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro anjuman ishtirokchilari ikki kun davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektron tijoratni rivojlantirishning dolzarb masalalarini keng muhokama qilish uchun zamonaviy platforma yaratish yo‘llarini o‘rganadi. Tadbirkor ayollarning hunarmandchiligida raqamli yechimlarni ishlab chiqishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qiladi. Hunarmand ayollarning elektron tijorat yo‘nalishidagi mahoratini oshirish va ayollar biznesida innovatsion onlayn savdo imkoniyatlariga bag‘ishlangan qator taqdimotlar o‘tkaziladi. Termiz shahridagi “San’at saroyi” da tashkil etilgan hunarmand ayollar ko‘rgazmasi bilan tanishadi. Surxondaryo viloyatining tarixiy obidalari va arxeologik yodgorliklarini tomosha qiladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri