Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Olga Algayerova xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod energetikasini rivojlantirish, energiya tejamkorlik kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, BMTning Resurslar asosli tasnifi bilan tanishish va resurslarni boshqarish tizimini ishlab chiqishda O‘zbekiston ekspertlarini jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha so‘z bordi.
Uchrashuvda qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun qazilma noyob metallarni qazib olish va ishlab chiqarish yuzasidan ham fikr almashildi. bugungi kunda jahon bozorida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab sezilarli darajada ortib bormoqda. Bu esa ularni ishlab chiqarishda metall taqchilligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun metall resurslardan samarali foydalanishni talab etadi.
Uchrashuv yakunida mehmon tomon yuqoridagi ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarni dastur bilan batafsil tanishish uchun Shveysariyaning Jeneva shahriga taklif qildi.
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA