O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni qabul qildi.
Muloqotda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, diniy ta’lim sifatini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21 martdagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda muborak Ramazon oyi fayzli va shukuhli o‘tdi. Insonlarni yaxshilik va mehru saxovatga, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlashga undaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha imom-xatiblar ishtirokida mahallalardagi 1 milliondan ziyod kam ta’minlangan aholining uyida iftorliklar uyushtirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million so‘mlik xayru ehsonlar qilindi.
Bu yilgi Ramazon oyidagi yana bir muhim yangilik 1 ming 400 nafar kam ta’minlangan fuqarolarning davlat tomonidan umra ziyoratiga yuborilishi bo‘ldi. Ular muqaddas manzillarda turib, xalqimizga tinchlik, fayzu baraka tilab xayrli duolar qildilar.
Prezident jamiyatda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.