“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari hamda qayta ishlash zavodlarining quvvatlarini tiklash hamda texnologik qurilmalarda amalga oshiriladigan rejali ogohlantiruvchi ta’mirlash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan.

Aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, rejali ogohlantiruvchi ta’mirlash ishlari bajarilishi natijasida yillik ishlab chiqarish ko‘rsatkichlar hajmining qisqarishi va baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga, shuningdek, uskuna va jihozlarning uzoq yillar mobaynida betalofat ishlatilishiga erishiladi.

Ayni paytda belgilab olingan rejaga asosan, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining bir qator qurilmalari, uskuna va jihozlari ta’mirlandi. Xususan, boshqarmaga qarashli “Urga” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida olib borilgan ta’mirlash jarayonida bosim ostida ishlovchi idishlar ichki va tashqi ko‘rikdan o‘tkazildi. Barcha nasos agregatlarida profilaktika ishlari olib borilib, zulfinlar nazoratdan o‘tkazildi.

Shuningdek, ta’mirlash ishlari mobaynida siquv kompressor stansiyasining uskuna va jihozlari to‘liq texnik tashhisdan o‘tkazildi. Shu bilan birga ushbu jihozlarning  texnologik samaradorligi oshirildi.

Ta’mirlash ishlari “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining tegishli departamentlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA