Yurtimizda yosh avlodning huquqiy savodxonligini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, halollik, to‘g‘rilik, ayniqsa, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan,  “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Ta’lim sohasiga halollik standartini joriy etish” nomli uslubiy qo‘llanma taqdimoti umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining korrupsiyaga qarshi dunyoqarashini shakllantirishga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, Ichki ishlar Akademiyasi, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda korrupsiyaning kelib chiqish sabablari, mazmun-mohiyati, tasnifi va salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi.

Tadbirda so‘z olgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Yoshlar tarbiyasida boshlang‘ich maktab davri halollik qadriyatlarini shakllantirish uchun muhim bosqich”, deya ta’kidlar ekan, yosh avlodning maktab davridagi dastlabki olgan bilimi toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanadi va ulg‘aygunga qadar shaxsiyatining shakllanishida muhim rol o‘ynashi, ana shu nuqtai nazardan yosh avlod ongiga poraxo‘rlikning naqadar zararli ekanligi, uning jamiyat taraqqiyotiga putur yetkazishi singdirilganidan so‘nggina, korrupsiyaga qarshi kurashish yanada samarali amalga oshishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

Avvalo ta’kidlash joizki, bugungi kunda ushbu maqsadga erishish yo‘lida qator muammolar mavjud, ulardan biri umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga yordamchi bo‘ladigan uslubiy ishlanmalarning yetishmasligidir.

Shu bois maktab ta’lim muassasalari o‘qituvchilarida korrupsiya va uning salbiy oqibatlari to‘g‘risidagi tushunchani shakllantirish hamda ularni o‘quvchilarga zamonaviy va interaktiv usullarda yetkazish uchun uslubiy material ishlab chiqish zarurati tug‘ildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ko‘plab ma’ruza va chiqishlarida loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi to‘g‘risida bot-bot takrorlaydi. Darhaqiqat, mamlakatimizda bu illatning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida«gi qonuni qabul qilindi.

Mazkur qonun bilan aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, korrupsiyaga oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida amalga oshirilgan shu kabi ishlar haqida so‘z borar ekan, “Ta’lim sohasiga halollik standartini joriy etish” nomli yangi uslubiy qo‘llanmani yanada takomillashtirishga doir fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA