Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot bakni rahbari Sulaymon bin Al-Jassir O‘zbekistonda investorlarga berilgan imtiyozlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Bu esa investorlar oldida turgan noaniqlik muammosini hal qiladi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida ayni xavotirga asos yo‘qligi tasdiqlandi. Soliq va qonunchilik tizimidagi o‘zgarishlar kelajakda taraqqiyot uchun xizmat qiladi. Mamlakatingiz bu borada ijobiy tajribaga ega. E’tirof etish kerak, oxirgi olti yil davomida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi olti foizga ko‘tarilgani juda yaxshi ko‘rsatkich. Bu barcha investorlarda ijobiy taassurot qoldiradi. O‘ylaymizki, yuqori sur’atli iqtisodiy o‘sish bundan buyon ham davom etadi. Prezident rahbarligida olib borilayotgan islohotlar, ayniqsa, konstitutsiyaviy islohot tezda o‘z samarasini beradi. Ma’ruzada davlat rahbari makroiqtisodiy barqarorlik haqida ham aniq faktlarni keltirdi. Ma’lumki, investorlar makroiqtisodiy barqarorlikni istaydi, fiskal va monitor siyosat, korporativ boshqaruvda har doim o‘zlariga tushunarli va aniq ma’lumot olishni istaydi.

Prezident qayd etganidek, bir yil ichida mamlakat iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatni mustahkamlash bo‘yicha tizimli islohot jadal davom ettirildi. Mintaqada eng qulay fiskal tizim yaratish bo‘yicha sezilarli o‘zgarishga erishildi. Guvoh bo‘lib turibmiz, keyingi yillarda mahkamlatingizda makroiqtisodiy islohot jadal tus olgan.

Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonning ta’lim, qishloq xo‘jaligi, infratizim, sog‘liqni saqlash sohalariga investitsiya kirityapti. Xususiy sektorga milliard dollardan ortiq sarmoya ajratilgan. Qolaversa, 130 dan ziyod yirik va o‘rta hajmli loyiha ilgari surilgan, yangi loyihalar ham bor. Albatta, biz bankimizga a’zo mamlakatlar bilan sheriklik tamoyili asosida ishlaymiz. Hozir ikkinchi strategiya yakunlanish arafasida. Umid qilamizki, Islom taraqqiyot banki yillik yig‘ilishida ikkinchi loyiha tasdiqlanadi. O‘shanda bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirgan taklif, tashabbuslar o‘z ifodasini topadi.

Shu o‘rinda aytish kerak, mintaqa mamlakatlarining aksariyatida dengizga chiqish imkoniyati yo‘q. Oxirgi olti yil davomida O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar bilan ayni yo‘nalishda ham faol ish olib bormoqda. Bu barcha uchun foydali va samarali.

Ta’kidlanganidek, investitsion jozibadorlikni oshirishda korporativ boshqaruv, qonun ustuvorligi juda muhim. Davlat rahbari bu jihatlarga alohida urg‘u berdi. Mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ayni tizimlar shaffofligini ta’minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.

Go‘zal Sattorova yozib oldi.

O‘zA