“Hovar” axborot agentligining Tojikiston prezidenti huzuridagi atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bergan ma’lumotga tayanib xabar berishicha, iqlim bo‘yicha V Markaziy Osiyo konferensiyasi may oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.

Konferensiyada iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar va uning oqibatlarini yumshatish, suv, energetika, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan bog‘liq yuzaga kelgan yangi voqe’likka moslashish masalalari muhokama etiladi.

Mazkur masalalarga integratsiyalashtirilgan yechimlar topish ekologiya va iqlim barqarorligi, shuningdek, iqtisodiy hamda demografik rivojlanish nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo mintaqasi kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etishi mumkin, deyiladi xabarda.

Muzliklarning erishi, qurg‘oqchilik, tabiiy ofatlar  iqlim o‘zgarishiga moslashish va suv zaxiralarini barqaror boshqarish uchun tezkor choralarni ko‘rishni talab etmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, mintaqada iqlim barqarorligiga erishish uchn faqat muammolarga birgalikda yechim topish, bunda muhim transchegaraviy manfaatlarni inobatga olish zarur bo‘ladi. Zero, mintaqaning har bir mamlakati Markaziy Osiyoda mavjud ekologiya muammolarini birgalikda hal qilish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor, deya ta’kidlanadi agentlik tarqatgan xabarda.