Qozog‘istonning Almati shahrida «Qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olish: xalqaro va yevropacha standartlar hamda ilg‘or tajriba» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Anjuman Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining «Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi: 2020-2023» dasturi doirasida tashkil etildi.

«Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi» dasturi mintaqamiz davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Dastur Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratiyani Yevropa andozalari va boshqa xalqaro standartlarga muvofiq holda mustahkamlashga qaratilgan.

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Xorijiy va milliy ekspertlarga O‘zbekistonda kutilayotgan muhim siyosiy voqea – 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendum haqida ma’lumot berildi. Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda qonuniylik, adolat va insonparvarlik kabi umum e’tirof etilgan tamoyillarni hayotga tatbiq etish katta ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi qoidalari mamlakat fuqarolarining huquq va erkinliklarini, jumladan, hokimiyat organlari bilan munosabatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 26-moddasida qiynoqlar, zo‘ravonlik, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa turdagi muomala va jazolar taqiqlanmoqda.

Anjuman davomida shafqatsiz muomala va qiynoq holatlarini tergov qilish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi. Ushbu muammoni hal etishda turli davlat organlarining roli xususida atroflicha so‘z yuritildi.

N.Usmonova, O‘zA