Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Z.Reymova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Jo‘qorg‘i Kenges deputati G.Ayimbetova, respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Z.Paluanova so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mamlakat va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan  yangi moddalar insonlar qadr-qimmatini yanada yuksaltirib, aholi farovonligiga xizmat qilishi, uning  asosiy xususiyatlari va prinsiplariga to‘xtaldi.

Tadbirda  yangilanayotgan bosh qomusimizda yoshlarga oid bir qator normalar o‘z ifodasini topayotganligi qayd etildi. Ular uchun alohida bob ajratilib, haq-huquqlari va manfaatlari  mustahkamlanayotganligi mamlakatimiz yoshlariga yanada motivatsiya va ilhom bag‘ishlashi ta’kidlandi. Jumladan, deputatlar tomonidan kiritilayotgan 27 ta yangi modda bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Yangi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi adolatli jamiyat barpo etishga xizmat qilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA