O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligida joriy yilning 22-30 aprel kunlari Samarqand shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida hamda para kanoe bo‘yicha qit’a chempionatlariga tayyorgarlikka bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda ishtirok etgan turli vazirlik va davlat tashkilotlarining mutasaddi va mutaxassislari mamlakatimiz xalqaro sport musobaqalari o‘tkaziladigan davlatlardan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. Birgina aprel oyining uchinchi o‘n kunligida O‘zbekistonda bir emas, 4 ta sport turi bo‘yicha chempionatlar tashkil etiladi.
Samarqandda eshkak eshish sport turi jamoalari, Toshkentda yengil atletika, o‘q otish vakillari qit’a chempionligi uchun bahslashsa, aprelning so‘nggi kunidan e’tiboran Toshkent dunyo bokschilarini jahon chempionatiga yig‘adi.
Yig‘ilishda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha qit’a chempionatiga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risida O‘zbekiston baydarka va kanoe federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi va Samarqand viloyati sport mutasaddilarining axborotlari tinglandi.
Shundan so‘ng ushbu nufuzli musobaqalarda ishtirok etadigan xorijiy sport jamoalarini kutib olish, ularni Toshkentdan Samarqandga kuzatib qo‘yish, mehmonxonalarga joylash, ishtirokchilarga zarur shart-sharoitlar yaratish, musobaqalar o‘tadigan sport majmualarida, sportchi va murabbiylar, jamoa vakillari joylashadigan binolarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning salomatligini muhofaza qilish masalalari xususida vazirlik va idora vakillarining fikrlari, takliflari tinglandi.
Muhokamalar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash, musobaqalar va musobaqalar tegrasidagi tadbirlarda chet ellik mehmonlarga xalqimizning boy tarixi, madaniyati va ma’naviyatini ko‘rsata bilish vazifalari muhim ekani ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA