Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimligi tashabbusi bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ro‘zmat Jumaniyazovning “Yangi O‘zbekistonda yangi qadamlar” mavzusidagi fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.

Unda ijodkorning so‘nggi yillarda tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish jarayonlari, ta’lim, ilm-fan, sport va madaniyat sohalaridagi yutuqlar hamda tarix zarvaraqlari aks etgan 200 dan ziyod fotosurati namoyish etilmoqda.

Fotoko‘rgazmaning ochilish marosimida tuman hokimi Seydamat Avezov  va boshqalar so‘zga chiqib ko‘rgazmaning ahamiyatini yuqori baholashdi. Qo‘yilgan suratlar aholi, ayniqsa, yoshlarni, mehmonlarni davlatimiz rahbari rahnamoligida Orolbo‘yida, shu jumladan, tumanda inson qadrini ulug‘lash, inson roziligi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy qadriyatlarimizning, tinchlikning qadriga yetishga da’vat etadi.

Tadbirda fotojurnalistning samarali mehnati, fidoyiligi, o‘ziga xos kasbiy mahorati e’tirof etildi.

Fotojurnalist Ro‘zmat Jumaniyazov  1947 yil 5 iyunda Xorazm viloyati Urganch tumanida tug‘ilgan. 1964 yilda Xorazm viloyati televideniyesida operator bo‘lib ishladi. ToshDU ning filologiya fakultetini tamomlab, respublika yoshlar gazetasida adabiy xodim, “Izvestiya”,  “Trud” gazetalarining O‘rta Osiyo Respublikalari bo‘yicha fotomuxbiri bo‘lib faoliyat yuritdi.

1990 yildan O‘zbekiston Milliy axborot agentligida Fotoaxborot tahririyati bosh muharriri bo‘lib qariyb 20 yil ijod qildi. Materiallari respublika gazeta va jurnallarida chop etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchilik qilgan delegatsiyalar tarkibida 20 dan ortiq chet davlatda bo‘ldi. Butun sobiq ittifoq va respublika fotoko‘rgazmalarida ishtirok etib, diplom hamda sovrinlar bilan taqdirlandi.

–Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elliqqal’a tumanining 30 va 35 yillik yubileylariga bag‘ishlab, fotoko‘rgazmalar ochganman, –deydi taniqli fotojurnalist Ro‘zmat Jumaniyazov. – Navbatdagi “Yangi O‘zbekistonda yangi qadamlar” deb nomlangan ko‘rgazmada asosan so‘nggi besh yil mobaynida tumanda amalga oshirilgan islohotlar, aholining farovon hayotini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, turli soha vakillarining fidokorona mehnati bilan tanishish mumkin.

Fotoko‘rgazma tashrif buyuruvchilarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA