Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda “Qoraqalpoq xududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “Hududgazta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpog‘iston filiali, “O‘zneftgazinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston bo‘limi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va tijorat banklari, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi vakillari, shahar va tumanlar hokimlari o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari N.Yerlepesov, Markaziy bank raisining o‘rinbosari A.Turdaliyev va boshqalar so‘zga chiqib, tijorat banklari tomonidan quyosh panellari o‘rnatishni moliyalashtirish uchun mavjud kredit mahsulotlari, yuqorida qayd etilgan qaror bo‘yicha yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalariga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, aholiga o‘rnatilgan quyosh panellari bo‘yicha “quyoshli xonadon” dasturi va quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlik sub’ektlariga beriladigan soliq imtiyozlari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

Ta’kidlanganidek, ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish maqsadida 2023 yilda mamlakatimizda umumiy quvvati 4 ming 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan, 2 ming 100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, ijtimoiy soha ob’ektlari, xo‘jalik sub’ektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda 1 ming 200 MVt quyosh panellarini o‘rnatish,  tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan 550 MVt kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish nazarda tutilmoqda. Qaror ijrosi doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali 2023 yilda qo‘shimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish rejalashtirilgan. Bu borada Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida, aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, tadbirkorlarning bino va inshootlarida o‘rnatiladigan quyosh panellari hamda kichik FESlarni barpo etish, foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash, respublika hududida elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, yirik sanoat korxonalarida yoqilg‘i-energiya resurslarini tejashning amaliy chora-tadbirlari, davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘mir kogeneratsion texnologiyalarini joriy etish orqali markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishdan so‘ng ishtirokchilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalar ko‘rgazmasi  namoyish etildi.

Ta’minotchilar tomonidan yetkazib beriladigan mahsulot turlari, sifati va afzalliklari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA