Bugun, 19 aprel kuni UEFA Chempionlar ligasining 1/4 final javob o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Germaniyaning Myunxen va Italiyaning Milan shaharlarida o‘tadigan uchrashuvlar yakunida turnirning so‘nggi yarim finalchilari aniq bo‘ladi.
Germaniyada «Manchester Siti» «Bavariya» bilan, Italiyada «Inter» Portugaliyaning «Benfika» jamoasi bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, bugun Milandagi «Juzeppe Meazza» stadionida o‘tadigan o‘yinda mehmonlarning zafar quchib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyati past. Boisi, birinchi o‘yinda milanliklarga 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. «Manchester Siti» – «Bavariya» o‘rtasidagi birinchi o‘yinda esa inglizlar 3:0 hisobida g‘alabaga erishgandi.
Kecha o‘tkazilgan Chempionlar ligasi 1/4 finalining javob o‘yinida «Real» jamoasi «Chelsi»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Endi ular bugun Myunxenda o‘tadigan «Manchester Siti» – «Bavariya» qarama-qarshiligi g‘olibi bilan ro‘baro‘ keladi.
Chempionlar ligasining chorak finali doirasida o‘tgan kechaning ikkinchi o‘yinida «Milan» – «Napoli» durangga (1:1) imzo chekdi. Birinchi uchrashuvda milanliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi ularga 1/2 final bosqichida «Inter» – «Benfika» jamoalarining omadlisi bilan o‘ynash imkonini bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, UEFA Chempionlar ligasining 1/2 final o‘yinlari dastlabki o‘yini 9 may kuni, javob uchrashuvi 16 may kuni o‘tkaziladi. Final bahsi esa 10 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Otaturk nomli «Olimpiya» stadionida tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA.