Nukusda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” ga bag‘ishlangan xalqaro an’anaviy tasviriy va amaliy san’at festivali boshlandi.

O‘zbekistan Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazma saroyida festivalning tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev va boshqalar so‘zga chiqib,  yig‘ilganlarni rassomlarni an’anaviy ijod bayramining ochilishi bilan qutladi.

Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad milliy tasviriy va amaliy san’atning boy meroslarini hamda zamonaviy tasviriy san’at yutuqlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash, taniqli rassomlarning asarlarini tomoshabinlarga yetkazish, aholining, ayniqsa yoshlarning ona yurtimizga, tasviriy va amaliy san’atga qiziqishini orttirish bo‘lib hisoblanadi.

Shu kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi fakulteti talabalarining “Yoshlar parvozi” ko‘rgazmasi ochildi. Unda professor-o‘qituvchilar, magistrlar va talabalarning turli janrlardagi asarlari, shuningdek, “Hunarmand” uyushmasi a’zolari tomonidan tayyorlangan milliy liboslar namoyish etildi.

Festival doirasida Mo‘ynoq tumanida plener mashg‘ulotlarini tashkil etish, Nukus shahridagi 22-sonli,  Yesjan baxshi nomidagi 1-sonli,  12-sonli bolalar musiqa va san’at maktablari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab internati o‘kuvchilarining ko‘rgazmalari, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari ishtirokida uchrashuvlar va mahorat saboqlari,  Qoraqalpog‘iston rassomlarining ko‘rgazmasi va boshqa qator tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.


Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA