Zamonaviy beshkurash bo‘yicha Qirg‘izistonning Issiq-ko‘l viloyatida “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot jarayonida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarining mahoratli sportchilari bilan kechgan nazorat musobaqasida hamyurtimiz Mixail Kokozidi 1-o‘rinni egalladi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, yig‘in doirasida o‘tayotgan nazorat mashqlari sportchilarimizning natijalari o‘sayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘q otish yo‘nalishida 4 bosqichda 40 nafar atlet o‘rtasida tashkil etilgan bellashuvlardan birida terma jamoamiz a’zosi Mixail Kokozidi barcha raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
E’tiborli jihati, mazkur nazorat mashqlari orqali murabbiylar shtabi atletlarimizning psixologik tayyorgarligini yana bir karra ko‘zdan kechirib, “Parij-2024” Olimpiadasi saralash musobaqalarida aynan qaysi yo‘nalishlarda ishlash zarurligini belgilab bormoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA