Xabar berganimizdek, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati mezbonligidan Indoneziya mosuvo qilingandan keyin FIFA mazkur chempionatni qabul qiladigan mamlakat masalasida muzokaralar olib borayotgan edi.

Kuni kecha ushbu davlat nomi ma’lum bo‘ldi. Muloqotlar natijasida joriy yil 20 may – 11 iyun kunlari o‘tkazilishi belgilangan Jahon chempionatiga Argentina mezbonlik qiladigan bo‘ldi. Mazkur mundialga qur’a tashlash marosimi 21 aprel kuni Shveysariyaning Syurix shahrida tashkil etiladi.

Ushbu chempionatga qizg‘in hozirlik ko‘rayotgan Ravshan Haydarovning shogirdlari ayni kunlarda poytaxtimizda so‘nggi o‘quv-mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Shundan keyin terma jamoamiz a’zolari Ispaniyada o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga yo‘l oladi. Yosh futbolchilarimiz Yevropa yashil maydonlarida kechadigan yig‘in doirasida Braziliya (U-20), Dominikan Respublikasi (U-20) va Gibraltar (U-21) terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi.

Hamyurtlarimiz dastlabki o‘yinni 22 aprel kuni braziliyaliklarga, 25 aprelda Dominikan Respublikasi hamda 27 aprel kuni Gibraltar terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

U-20 terma jamoasi bilan bog‘liq yana bir gap. Kuni kecha Osiyo futbol konfederatsiyasi yurtimizda o‘tgan U-20 Osiyo kubogi bo‘yicha tibbiy xulosasini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston – Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvda terma jamoamizning bir qator futbolchilari ishtirok etgan. Ular orasidan faqat milliy terma jamoamiz a’zosi Shahriyor Jabborovda ta’qiqlangan modda aniqlangan. Ushbu tekshiruv «A», ya’ni birinchisi hisoblanib, undan so‘ng «B» qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilgan. Aynan ikkinchi tekshiruvdan so‘ng yakuniy qaror chiqarilgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati boshchiligida mazkur holatni to‘liq o‘rganib chiqish yuzasidan ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Unda futbolchi, tibbiy qo‘mita mutaxassislari, terma jamoa hamda klub shifokorlari ishtirok etmoqda.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, Jabborov ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi mumkin.

Mazkur holat bo‘yicha yakuniy qaror hali e’lon qilinmagan, deyiladi O‘FA xabarida.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA