O‘zbekiston sport kurashi vakillari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan qit’a chempionatida 11 ta medalga ega chiqib, o‘tgan yilgi natijani 3 ta medalga yaxshiladi.

Hamyurtlarimiz shiddatli bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, 1 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medaliga musharraf bo‘ldi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Abror Otaboyev yunon-rum kurashi bahslarining 67 kilogramm vaznida oltin, Shermuhammad Sharibjonov (yunon-rum kurashi), Zafarbek Otaxonov, Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash), Jasmina Immayeva va Laylo Sobirova (ayollar kurashi) kumush, Ixtiyor Botirov va Jalgasbay Berdimuratov (yunon-rum kurashi), Maxsud Veysalov va Bobur Islomov (erkin kurash) hamda Aktenge Keunimjayeva (ayollar kurashi) bronza medaliga ega chiqishdi.

Shu o‘rinda aytish lozim, o‘tgan yili Mo‘g‘ilistonda o‘tgan Osiyo chempionatida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari 2 ta kumush, 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Bu safargi natija esa 11 ta medal. Ko‘rinib turibdiki, “Parij–2024” Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarimizning ko‘rsatkichlarida o‘ziga xos o‘sish kuzatildi.

Bu ayniqsa, “klassik” kurashchilarimiz yutuqlarida yorqinroq aks etdi. O‘tgan yili Ulan-Batordagi qit’a chempionatida ikki nafar yunon-rum kurashchimiz kumush, uch nafari bronza medali olgan bo‘lsa, bu gal Ostonada poyoniga yetgan chempionatda 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan sifat ko‘rsatkichini ancha yaxshilab olishdi.

Shuningdek, ayollar kurashi vakillari ham o‘tgan yilgi qit’a chempionatidagi 1 ta bronza medalini 2 ta kumush, 1 ta bronza holatida yaxshilashga muvaffaq bo‘lishdi.

T.RO‘ZIEV, O‘zA