Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) yopiq muassasalar, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalariga tez-tez tashrif buyurayotgani, ulardagi shart-sharoitni o‘rganib borayotgani sabab u yerda saqlanayotgan shaxslarning bu tuzilmaga ishonchi ortib bormoqda. Ombudsmanga tushayotgan murojaatlar shuni tasdiqlaydi.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan 2-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkuma G.P. davolanishida amaliy yordam berilishi bo‘yicha murojaat qildi, – deydi Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova. – Mazkur murojaat nazoratga olinib, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakiliga topshirildi va u vaziyatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Aniqlanishicha mahkuma G.P. Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor, deb topilib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ayni paytda u  jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tamoqda.

Mahkuma bilan xoli tarzda suhbat o‘tkazilganda, u saraton kasalligiga chalingani, tergov hibsxonada davolanayotgani, lekin sog‘ligi kundan-kunga og‘irlashayotganini bildirgan. Ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalarda davolanishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida mahkuma Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialiga davolanish uchun yuborildi. Mahkuma ikki oydan ortiq vaqt davomida ushbu muassasada kerakli muolajalarni olgan.

Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy ravishda jazoni ijro etish muassasalariga borib, mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganish bilan birga ularning murojaatlarini ham qabul qiladi.

Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Koson tumanidagi 10-sonli jazoni ijro etish muassasasida sayyor qabul o‘tkazganida mahkum Q.X. oilasi ijtimoiy yordamga muhtojligini ma’lum qilgan.

Murojaatda voyaga yetmagan farzandlari borligi, turmush o‘rtog‘ining ishlab topgani oilani tebratishga yetmasligi sababli u bola puli olishga harakat qilayotganini ma’lum qilgan. Ammo mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yangilash muddati o‘tib ketgani sababli hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolar yuzaga kelgan.

Mahkum oilasining ijtimoiy holati inobatga olinib, uning arizasi bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilindi va unga shaxsni tasdiqlovchi hujjat – ID karta rasmiylashtirildi.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakiliga 36-son Manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan buxorolik mahkum T.I. oilasiga moddiy yordam ko‘rsatilishida yordam so‘rab murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, 2020 yilda tabiiy ofat sababli mahkumning oilasi yashab kelayotgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi uyga zarar yetgan. Tabiiy ofat natijasida zarar ko‘rgan oilalarga hokimiyat tomonidan qurilish materiallari olib berilgan. Mahkum murojaatida uyni kapital ta’mirlashni istashi, buning uchun yana qo‘shimcha qurilish mahsulotlarini sotib olish kerakligi, lekin moddiy imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilib, yordam so‘ragan.

Mazkur murojaat Ombudsmanning Navoiy va Buxorodagi mintaqaviy vakillari hamkorligida ko‘rib chiqildi. Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili murojaatni joyiga chiqib o‘rganish maqsadida mahkum oilasi yashayotgan manzilga bordi. O‘rganish davomida haqiqatdan ham mahkum oilasi og‘ir sharoitda yashashi ma’lum bo‘ldi. Ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tuman hokimiyatiga murojaat qilinib, kerakli qurilish materiallari olib berildi.

N.Abduraimova, O‘zA