Mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga a’zo bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi an’anaviy o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Xalq ta’limi vazirligi hamda “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashining qo‘shma qaroriga asosan tashkil etilgan ushbu musobaqa yoshlarda harbiylikka havas uyg‘otib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shmoqda.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining negizida o‘tkazilgan musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi 17 ta shahar va tumanlardan eng sara jamoalarni saflab berdi. O‘quvchilardagi hayajon, g‘alabaga bo‘lgan shijoat, harbiycha qat’iyat bellashuvning har bir shartida yaqqol ko‘zga tashlanib turdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Har bir jamoa a’zolari o‘zgacha harbiy liboslarda safda mag‘rur turib, g‘alaba uchun o‘zlarini ruhan tayyorlashdi. Qat’iy intizom va g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bellashuvning har soniyasini his-hayajonga to‘ldirdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ismoil Qurbonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi a’zolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchilari va o‘quvchilar qatnashdi. So‘zga chiqqanlar musobaqa ishtirokchilariga zafarlar yor bo‘lishini tiladi.

Ta’kidlash joizki, 2021 yilgi “Vatanparvarlar” harbiy-sport bahslarining final bosqichi yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharafini himoya qilgan Kegeyli tumani yoshlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mudofaa vaziri kubogini Qoraqalpog‘istonga olib kelgan edi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra bellashuvda har jamoadan 7 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bola ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining birinchi shartiga ko‘ra yoshlar pnevmatik miltiqdan nazorat otish mashqi orqali merganlik mahoratini namoyish etdi.

“Harbiy estafeta” deb nomlangan ikkinchi shartda ishtirokchilar avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, gazga qarshi niqobni kiyish va yuk avtomobilining g‘ildiragini aylantirib yugurishi kerak bo‘ldi. Bu shartda jamoadan 4 nafardan vakil qatnashdi.

Musobaqaning uchinchi shartida (“Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”) ikki nafar ishtirokchi 50 metr masofaga zambilni ko‘targancha yuguradi va marrada yotgan shartli jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatadi. Shundan so‘ng jabrlanuvchini zambilga ortib, finish tomon yuguriladi.

Navbatdagi “Duatlon” shartida har jamoadan ikki nafar ishtirokchi o‘rta masofaga yugurishi va velosiped haydashi o‘rin olgan.

“Safda qo‘shiq aytish” deb nomlangan keyingi shartda jamoalar safda shaxdam qadamlar bilan yurib, harbiycha qo‘shiqlarni jonli ijro etishi belgilangan.

“Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan oxirgi shartda o‘quvchilar 5 tadan savolga javob berishi va ularning har biri uchun qo‘shimcha ball egallashi mumkin bo‘ldi.

Har bir shartda vaqt mezoni bilan adolatli baholash mexanizmi asosida ishtirokchilarning xatti-harakati baholab borildi.

Musobaqaning yopilish marosimida nutq so‘zlagan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga bo‘layotgan e’tibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yutuqlarni e’tirof etib, harbiy okrug hududida mana shunday tadbirlarni o‘tkazish uchun barcha sharoit bundan keyin ham yaratib berilishini ta’kidladi.

Nihoyat hayajonli damlar yetib keldi. Dastlab musobaqa shartlarida alohida ko‘rsatkichlarga erishgan o‘quvchi-yoshlar va jamoalar taqdirlandi. Unga ko‘ra “Eng kuchli sportchi”, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Mohir mergan” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha yoshlar yakkalik va jamoaviy tartibda mukofotlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha shartlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan Kegeyli tumanidagi 41-maktabning “Lochinlar” jamoasi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. O‘tgan yilgi mavsumda musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Nukus tumanidagi 31-maktabning “Akmang‘it” jamoasiga bu safar ozgina imkoniyat yetmadi va faxrli ikkinchi o‘ringa loyiq, deb topildi. Musobaqaning mutlaq g‘olibligi Qonliko‘l tumanidagi 2- maktabning “Lochin” jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Musobaqada g‘alaba qozongan Qonliko‘l tumani jamoasi bellashuvning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

O‘zA