Ma’lumki, Hindiston mamlakatimiz uchun ishonchli hamkor, strategik sherik sanaladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida, ayniqsa, tibbiyot sohasida mustaqkam aloqa o‘rnatilgan. So‘zimiz isboti sifatida keyingi yillarda bu davlatning yirik va nufuzli klinikalari bilan birgalikda 10 dan ziyod tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganini aytish mumkin.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston – Hindiston sog‘liqni saqlash xalqaro forumi ham ayni ishlarning uzviy davomi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu nufuzli anjumanda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari va hududiy tibbiyot maskanlari, shuningdek Hindiston sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari, tibbiyot yo‘nalishidagi universitetlar vakillari, yetakchi xususiy tibbiyot markazlari, yirik farmatsevtik korxonalar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Qayd etish o‘rinli, Hindiston tibbiyoti dunyo reytingida yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Shu bois bu yurtda tibbiyot turizmi jadal rivojlanmoqda. Yuqori texnologik operatsiyalar, sohaga innovatsion texnologiyani jalb qilish yo‘nalishida hind mutaxassislari tajribasini o‘rganish juda foydali.
Davlatimiz rahbari 2022 yil 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan “Hindiston — Markaziy Osiyo” birinchi sammitidagi nutqida ham Hindiston bilan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish orqali bu mamlakatning ilg‘or tajribasi, bilimi va texnologiyasini keng joriy qilish asosida inson kapitalini rivojlantirishni eng birinchi strategik ustuvor yo‘nalish sifatida e’tirof etgan edi.

Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda hindistonlik hamkorlar bilan birga mamlakatimizda qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Forumda sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov ishtirokchilarga mamlakatimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bu yo‘nalishda O‘zbekiston va Hindiston tomonidan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. 2022 yil Hindistoning “NEPHROCARE HEALTH” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Nukus shahrida 150 o‘rinli, Bog‘ot va Urganch tumanlarida 250 o‘rinli gemodializ markazi ishga tushirilib, 12 million dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Ushbu kompaniya kuni kecha Toshkent shahrida ham ming o‘rinli gemodializ markazini ishga tushirdi.

Bundan tashqari, 2020 yildan buyon Samarqand shahrida 10 million dollarlik investitsiya hisobiga tashkil etilgan “Zarmet Pratiksha”ning 180 o‘rinli klinikasi faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yil 10 million dollar sarmoya hisobiga “AAKASH” kompaniyasi yuz o‘rinli klinika ochdi.

Har yili 200 dan ziyod mutaxassis Hindistonning yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytayotgani ham ijobiy natija. Shu yil yakuniga qadar 1000 nafardan ko‘p o‘zbekistonlik tibbiyot xodimini bilim va mahorat oshirish uchun ushbu mamlakatdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari va klinikalarga jo‘natish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, sog‘liqni saqlash sohasida Hindiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash, ayurveda ta’limoti, yoga amaliyoti hamda Ibn Sino risolalari asosida zamonaviy sog‘liqni saqlash yutuqlarini to‘ldirib turadigan an’anaviy tibbiyot usullarini joriy qilish borasida o‘zaro kelishuv mavjud.

bugungi forum mavjud hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yana bir muhim qadamdir. Ikki kun davom etadigan tadbirda mamlakatlar aro tibbiy hamkorlikni kengaytirish, sohani raqamlashtirish, tibbiy turizmni rivojlantirish, investitsiya loyihalari qamrovini kengaytirish, tibbiy ta’limda qo‘shma dasturlar amalga oshirish muhokama etiladi, xalq tabobati yo‘nalishiga doir qator masalalarga ham e’tibor qaratiladi.

Anjuman doirasida Gujarot ayurverda universiteti, Subxarti tibbiyot universiteti, “Fortis”, “Sarvadaya” tibbiyot markazlari, “Artemis Hospitals” shifoxonalar tarmog‘i, “Bravo Pharm Group” muassasasi vakillari – jami 15 nafar mehmon O‘zbekistonda tibbiy ta’lim, shifokorlar malakasini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun tibbiyot oliy o‘quv yurtlarimiz “Faxriy professori” unvoni bilan taqdirlandi.

Yakunda hindistonlik hamkorlar bilan umumiy qiymati 300 million dollarga teng 100 dan ortiq kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA