Xalqimizning farovonligi yo‘lida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va mustahkamlash muhim masalalardan. Shu sababli, keyingi paytda sohani takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘z navbatida, soha rivojida tashkil etilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar ham muhim ahamiyat kasb etayotir. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida o‘z ishini boshlagan “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2022” xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi bu borada amalga oshirilayotgan  chora-tadbirlar bilan hamohangdir.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova ta’kidlab o‘tganidek, ushbu tadbir 1995 yildan buyon o‘tkazilmoqda va u yildan-yilga mahalliy va xorijiy ishtirokchilarni faol muloqot hamda hamkorlikka undamoqda.

– “TIHE 2022” Butunjahon ko‘rgazma sanoati uyushmasi (UFI) tomonidan tasdiqlangan tadbir maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona tibbiy ko‘rgazma hisoblanadi. U tibbiyot hamjamiyati mutaxassislarini “so‘nggi avlod” tibbiy texnologiyalari bilan tanishish imkoniyatini yaratayotgan noyob platformadir. Shu bois mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan ushbu tadbirga qiziqishi ortib bormoqda. Ayni chog‘da ko‘rgazma pavilonlarida 13 mamlakatdan 250 dan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlarini taqdim etayapti. Ular orasida O‘zbekiston, Bangladesh, Belarus Respublikasi, Germaniya, Daniya, Italiya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Rossiya kabi davlatlardan vakillar bor. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tibbiy, farmatsevtik, laboratoriya, stomatologiya uskunalari, sarf materiallarining keng assortimentini namoyish etadigan ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ushbu tadbirdagi ishtiroki yanada e’tiborlidir,  – dedi N.Hasanova.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia” guruhi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada Xitoy kompaniyalari sog‘liqni saqlash muassasalari uchun uskunalar, tibbiy buyumlar, stomatologik amaliyot uskunalari, farmatsevtika sanoati uchun zamonaviy texnologiyalarni taqdim etmoqda. Nemis ishlab chiqaruvchilari «Made in Germany» brendi ostida laboratoriya jihozlari,  yangi mahsulotlar orasida MIKRO 185 mikrolitr sentrifugasi, sarf materiallari, dasturiy ta’minot bilan boshqariladigan tibbiy texnologiyalari mahsulotlarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etmoqda. Rossiya Federatsiyasini “Made in Russia milliy brendi” bilan  tele-tibbiyot sohasidagi noyob yechimlarni, shifokorlarning kundalik ishi uchun axborot texnologiyalarini, reabilitatsiya uskunalarini taqdim qilayotir.

Moskva shahridagi “Meditek” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Maksim Borozdin ushbu xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasida ilk bor qatnashayotgani va uning ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilishga qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

– Qariyb 30 yillik faoliyatiga ega kompaniyamiz kardiologik profildagi tibbiy asbob-uskunalarni yaratish, ishlab chiqarish va klinik amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanadi. Yevropa davlatlarida tashkil etilgan ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashganmiz. Bu gal esa mamlakatingizda o‘tkazilayotgan namoyishda ishtirok etyapmiz va hamkorlar izlayapmiz, – dedi M.Borozdin.

Shuningdek, Germaniyaning “Harro Höfliger” kompaniyasi ham ilk taqdimotini namoyon etmoqda.  Shtutgard shahrida joylashgan kompaniya 40 yildan ortiq faoliyati davomida o‘z mahsulotlari bilan mijozlarga xizmat qilib keladi.

– O‘zbekistonda tibbiyot ravnaqi yo‘lida e’tiborli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi ushbu kompaniya vakili Aleks Bruyev. – Bu esa bizga ko‘pgina yangi imkoniyatlarni ochadi. Shu maqsadda biz O‘zbekiston bozori bilan tanishyapmiz. Kompaniyamiz turli sanoat tarmoqlari, xususan, farmatsevtika uchun qadoqlash materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ko‘rgazmada asosan farmatsevtika sohasida qadoqlash bo‘yicha imkoniyatimizni namoyish etish barobarida, kompaniyamiz faoliyati haqida atroflicha ma’lumot beryapmiz.

Ko‘rgazma doirasida an’anaviy ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri