Boksning Olimpiya o‘yinlaridagi mavqeini saqlab qolish maqsadida AQSH va Buyuk Britaniya boks federatsiyalari tashabbusi bilan yana bir xalqaro sport federatsiyasi tashkil etilishi mumkin.
Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga qarashli insidethegames.biz sayti xabar tarqatdi.
13 aprel kuni mazkur harakatga xayrixoh bo‘lgan Yevropadagi bir qator davlatlar milliy boks federatsiyalari vakillari boksning Olimpiya dasturidagi o‘rnini saqlab qolish maqsadida Xalqaro boks assotsiatsiyasidan ajralib chiqqan Jahon boks xalqaro boshqaruv organi tashkil topganligini e’lon qilishi kutilmoqda.
“Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro boks assotsiatsiyasi o‘rtasidagi kelishmovchilik boksning “Parij–2024” va “Los-Anjeles –2028” o‘yinlaridagi o‘rnini tobora xavf ostida qoldirmoqda. Shunday murakkab vaziyatda Olimpiya boksining kelajagi to‘g‘risida katta global harakat boshlanganligi rasman tasdiqlanadi”, deyiladi tashabbuskorlarning bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-14 may kunlari Toshkentda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatida AQSH, Polsha, Shveysariya, Germaniya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Irlandiya, Chexiya, Shvetsiya, Kanada, Ukraina boks federatsiyalari qatnashmasligini rasman tasdiqlagan.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi poytaxtimizda bo‘ladigan dunyo birinchiligida 104 ta davlatdan 640 nafardan ortiq sportchi ishtirok etishini ma’lum qildi.
T. RO‘ZIEV,
O‘zA