Sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qozog‘istonda o‘tayotgan Osiyo chempionatining uchinchi kunida yana bir medalga sazovor bo‘ldi.

– 50 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Jasmina Immayeva kumush medal sohibiga aylandi.

Hamyurtimiz dastlab Yi Chenni (Xitoy Taipeyi) 10:0, yarim finalda esa Miran Cheonni (Janubiy Koreya) 8:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Jasmina Immayeva finalda 2021 yilgi jahon chempioni yaponiyalik Remina Yashimoto bilan bellashdi. Afsuski, bahs kunchiqar yurt vakilining g‘alabasi bilan yakunlandi va Immayeva ikkinchi o‘rin bilan cheklandi. Bu kurashchimiz uchun qit’a birinchiligidagi uchinchi medal bo‘ldi, – deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining ikkinchi kunida – 67 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarni mag‘lub etgan Abror Otaboyev oltin medal bilan taqdirlangan edi.

Osiyo chempionatining birinchi kunida esa O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

Jumladan, – 63 kilogramm vaznning finalida kurashgan Shermuhammad Sharibjonov eronlik Imron Muhammadiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangan, Ixtiyor Botirov (- 55 kilogramm) hamda Jalgasbay Berdimuratov (- 87 kilogramm) bronza medali uchun kechgan bahsni muvaffaqiyatli yakunlab, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishgandi.

O‘zA