Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) joriy yil 30 aprel-14 may kunlari poytaxtimiz Toshkentda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun talabnoma taqdim etgan davlatlar va sportchilar sonini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan nufuzli musobaqada 104 ta mamlakatdan 640 nafardan ortiq sportchilar Toshkentda o‘tadigan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Ro‘yxatdan o‘tgan bokschilarning 7 nafari amaldagi jahon chempionlari, 20 nafardan ziyodi Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari ekanligi nazarda tutilsa, musobaqalar har jihatdan shiddatli o‘tishi shubhasiz.

Toshkent ringida jahon chempionligi uchun fransiyalik Sofian Omixa, yengil va yarim o‘rta vaznda tengsiz ekanligini ko‘rsatib kelayotgan yaponiyalik Tomoya Tsuboi va Sevon Okazava, og‘ir vaznda asli kubalik hozirda Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan Loren Alfonso, qozog‘istonlik Saken Bibosinov va kubaliklar Yoenlis Ernandes, Xulio Sezar La Kruz va boshqalar jang olib borishi kutilmoqda.

Jahon chempionati talabnomalarini qabul qilish ishlari 14 aprelga qadar davom etishini inobatga oladigan bo‘lsak, yana ko‘plab nomdor bokschilar Toshkent ringlarida ko‘rinish berishi ehtimoldan yiroq emas.

Dunyo boks ixlosmandlarining nigohini Toshkentga qaratadigan jahon chempionatida oltin medal sohibi bo‘lganlar 200 000, kumush medalni qo‘lga kiritganlar 100 000 va bronza medal egalari 50 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot bilan taqdirlanadi.

Chempionatning umumiy mukofot jamg‘armasi Xalqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan 2,5 million AQSH dollari etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro boks federatsiyasi Rossiya-Ukraina urushi tegrasidagi qarama-qarshiliklar sabab 12 ta mamlakat qatnashmasligini ma’lum qilgan. Bular AQSH, Polsha, Shveysariya, Germaniya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Irlandiya, Chexiya, Shvetsiya, Kanada, Ukraina.

T. Ro‘ziyev, O‘zA