Sport kurashlari bo‘yicha Qozog‘iston mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatining ikkinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.

– 67 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarni mag‘lub etgan Abror Ataboyev oltin medalni qo‘lga kiritdi.

A. Otaboyev saralashda Firuz Mirzarajabov (Tojikiston), Xansu Ryu (Janubiy Koreya) va Almat Kebispayev (Qozog‘iston)ni dog‘da qoldirdi.

Hamyurtimiz finalda yaponiyalik Kyotaro Sobagega ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Bu 21 yoshli kurashchimizning kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida erishgan birinchi chempionligi.

Ostona shahrida o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionatining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.

Jumladan, – 63 kilogramm vaznning finalida kurashgan Shermuhammad Sharibjonov eronlik Imron Muhammadiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangan, Ixtiyor Botirov (- 55 kilogramm) hamda Jalgasbay Berdimuratov (- 87 kilogramm) bronza medali uchun kechgan bahsni muvaffaqiyatli yakunlab, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishgandi, – deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

O‘zA