Namanganda ayollar o‘rtasida voleybol bo‘yicha XXX-mamlakat chempionati oliy liga o‘yinlarining uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tomonidan Respublika Yoshlar siyosati va sport vazirligining yillik musobaqalar taqvim rejasiga asosan o‘tkazilgan ushbu bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Jizzax va Xorazm viloyatlaridan 6 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.
E’tiborlisi, chempionatning avvalgi – birinchi va ikkinchi bosqichlarida raqobatchilarini ortda qoldirib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Namangan davlat universiteti jamoasi bu safar ham zafar nashidasini surdi.
“O‘z uyingda devorlar ham yordam beradi”, deganlaridek muxlislarning qo‘llab-quvvatlovi mezbonlarning shijoatli va chiroyli o‘yin namoyish etishiga chinakam qanot bo‘ldi. Qolaversa, Osiyo chempionatida qatnashib, katta tajriba to‘plagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari E’zoza Sotivoldiyeva, Dilnoza Boymirzayeva, Nozima Jamolova kabi iqtidor sohiblarining “NamDU” jamoasi tarkibida faol o‘yin ko‘rsatgani muvaffaqiyatga turtki berdi.
Ilhomjon Egamberdiyev bosh murabbiyligi ostidagi “NamDU” jamoasi uchinchi tur o‘yinlarida Farg‘ona viloyatining “To‘maris” jamoasini 3:0, Jizzax davlat pedagogika instituti jamoasini 3:2, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani “BO‘SM” jamoasini 3:0, Xorazm viloyatining “Xorazm” jamoasini 3:0 va Nukus pedagogika instituti voleybolchilarini 3:1 hisoblarida yengib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Nukus pedagogika instituti jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, bor mahoratini ishga solgan Jizzax davlat pedagogika instituti voleybolchi xotin-qizlariga uchinchi o‘rin nasib etdi.
O‘zbekiston chempionatining navbatdagi to‘rtinchi tur o‘yinlari joriy yilning may oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA