“Tashabbusli byudjet” dasturida g‘olib bo‘lmagan ko‘plab loyihalarga ham mablag‘ ajratiladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmadagi kamchiliklar manzilli hal etilmoqda. Eng muhimi, bu loyihalar aholining talab va takliflari asosida shakllantirilmoqda.

Shunday ishlar doirasida so‘nggi uch yilda 9 ming 500 ta mahallaga 57 trillion so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lar hisobiga 3 ming 500 ta mahallada ichki yo‘llar, yana shunchasida bog‘cha, maktab va shifoxona ta’mirlangan. 1 ming 19 ta mahallada ichimlik va oqova suvi ta’minoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirilgan.

Inson qadri tamoyili asosida bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablag‘lar ko‘lami 25 trillion so‘mga yetkazildi. Xususan, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 8 trillion so‘m ko‘zda tutilgan.

Yaqinda ushbu dasturning 1-mavsumi yakunlandi. Yig‘ilishda uning natijalari va amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berildi.

Bu mavsumda aholi tomonidan yo‘l, suv, elektr, maktab, bog‘cha va shifoxonalarni yaxshilashga 34 mingta loyiha takliflari ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish jarayoni yakuniga ko‘ra, 1 ming 666 ta loyiha g‘olib deb topilgan.

Bu borada odamlarning faolligi oshgani ham e’tiborga molik. Masalan, 2021 yilda ovoz berish jarayonida 1 million 200 ming aholi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil 1-mavsumning o‘zida ularning soni 16 milliondan oshdi. Shuningdek, ilk marotaba “Tashabbusli byudjet” dasturida respublikaning barcha mahallalari o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari g‘olib loyihalarni sifatli bajarish bilan birga boshqa loyihalarga ham e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

– Masalan, 1 ming 300 ta loyihaga 2 mingdan ortiq aholi ovoz bergan bo‘lsa-da, g‘olib bo‘lmagan. Bu – 4 milliondan ortiq aholi ko‘targan masala yechimini topmadi, degani. Shuning uchun aholining bu xayrli takliflarini qo‘llab-quvvatlashimiz zarur, – dedi Prezident.

Ushbu loyihalarga qo‘shimcha 1 trillion 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Yana bir muhim jihati, “Tashabbusli byudjet” dasturida qatnashgan 34 mingta loyiha kelgusi yil byudjetini shakllantirish uchun tayyor taklif. Masalan, mahallalardagi tibbiyot muassasalarini ta’mirlash bo‘yicha mingdan ortiq, maktablarni parta va kompyuter bilan jihozlashga 5 mingdan ziyod loyiha taklifi kelib tushgan.

Prezident “Tashabbusli byudjet”da 1 ming 500 dan ortiq ovoz to‘plagan loyihalarni 2024 yilgi byudjetni shakllantirishda inobatga olish zarurligini ta’kidladi.